Paralimpiyachilar harakati: yuksak marralar sari
Namangan viloyatining Davlatobod tumani hududida joylashgan Namangan Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi (sobiq Olimpiya zaxiralari sport kolleji) viloyatda Olimp harakatini keng yoyish, yurtimizda, xususan viloyatda har to‘rt yillikning eng nufuzli sport anjumanlari - Olimpiya o‘yinlari hamda Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etuvchi sportchilarni tayyorlashda muhim maskan hisoblanadi.
Bu borada Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 30 dekabrdagi “Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal bo‘lmoqda.
Mahoratli murabbiy va pedagog Akramjon Dadaboyev boshchiligidagi mazkur ta’lim muassasasida o‘tgan yilda o‘nlab jahon va Osiyo chempionlari, xalqaro turnirlar va mamlakat chempionati g‘olib-sovrinorlari yetishib chiqdi.
Sportga ishtiqyomand bo‘lgan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan yosh yigit-qizlar Paralimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan qator sport turlari bo‘yicha musobaqalar, ommaviy sport festivallarida faol ishtirok etib kelmoqda. “Sog‘lom hayot uchun birlashaylik!” shiori ostidagi ommaviy yugurish marafoni, “Besh tashabbus paralimpiadasi”da markaz tarbiyalanuvchilari yuqori natijalarga erishdi.
O‘rta va professional davlat sport-ta’lim muassasasi hisoblangan Olimpiya va Paralimpiya markazi a’zolari minglab havaskor va professional sportchilarni o‘zida jamlagan marafonning viloyat hamda respublika bosqichlarida o‘zlarini nimalarga qodir ekanligini namoyon etdi. Shuningdek, para shaxmat, para shashka, para stol tennisi, para yengil atletika va para kibersport bo‘yicha bellashuvni o‘z ichiga olgan “kichik Paralimpiada”ning respublika bosqchida ham Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi tarbiyalanuvchilari g‘oliblar qatoridan o‘rin oldi. Umuman olganda, markaz imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da o‘z ustida ishlaydigan, yuksak marralarni ko‘zlaydigan sport ustalarini jamlagan maskandir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA