Para pauerliftingchilarimiz jahon kubogida sovrindor bo‘ldi
Tailandning Pattayya shahrida para pauerlifting bo‘yicha jahon kubogi bahslari qizg‘in o‘tmoqda.
Musobaqaning dastlabki kunida O‘zbekiston terma jamoasining bir qator a’zolari muvaffaqiyatga erishdi. Jumladan, ayollar o‘rtasida -67 kg. vazn toifasida Qudratoy Toshpo‘latova 122 kilogramm natija bilan kumush medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, erkaklar o‘rtasidagi vazni -65 kg. bo‘lgan Sanjar Allaberganov 177 kilogramm natija bilan kuchli uchlikni yakunlab berdi.
Mazkur natija evaziga Qudratoy Toshpo‘latova o‘z vaznida jahon reytingining beshinchi, Sanjar Allaberganov esa o‘ninchi pog‘onasiga ko‘tarilib oldi.
Eslatib o‘tamiz, Pattayya shahrida o‘tkazilayotgan jahon kubogi 11-mayga qadar davom etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA