Palliativ xizmat: bemorlarning uyiga borib yordam ko‘rsatuvchi mobil brigadalar ish boshladi
Hech bir inson og‘ir va tuzalmas xastaliklar bilan og‘rimasin, hech bir oila bunday sinovlar bilan yuzma-yuz kelmasin. Biroq hayot turli sinovlarga boy. Kimningdir xonadonida og‘ir dard bilan kurashayotgan yaqini bor, kimdir esa bunday bemorlarga qanday yordam berishni bilmay chorasiz qoladi. Inson hayoti, uning qadri va dardi har narsadan ustun bo‘lgan bugungi kunda, yurtimizda aynan ana shunday og‘ir sinovdagi insonlarga ko‘mak berish, ularning azobini yengillashtirish borasida keng ko‘lamli insonparvar ishlar amalga oshirilmoqda.
Toshkent shahar hududlararo hospisi direktori Yahyo Ziyoyev mamlakatimizda og‘ir xastalikka chalingan insonlarga ko‘mak ko‘rsatish borasida yaratilayotgan yangi tizimning mazmun-mohiyati, ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘lami, yangi mobil brigadalar faoliyati hamda bemor yaqinlariga ko‘rsatilayotgan ruhiy ko‘mak haqida batafsil ma’lumot berdi:
– Yurtimizda og‘ir kasallikka chalingan insonlarga uyida va hospisda yordam ko‘rsatishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Prezidentimizning 2026-yil 24-iyundagi “Saraton kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash va davolash chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida“gi qarori ushbu xizmatlarni mamlakat bo‘ylab kengaytirish, bemorlarning og‘irligini yengillashtirish va ularning yaqinlarini qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
Joriy yilning oktabr oyidan Toshkent shahri va Samarqand viloyatida bemorlarning uyiga borib yordam ko‘rsatuvchi mobil brigadalar ish boshladi. Mutaxassislar bemorning holatini uyida baholaydi, unga mos yordam rejasini tuzadi va keyingi parvarishni kuzatib boradi.
Mobil brigadalar faoliyatini 2027-2028-yillarda boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish belgilangan. 2027-yilda oltita hududda, 2028-yildan esa mamlakatning barcha 14 ta hududida faol palliativ xizmatlar bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Bemorlar yashash manzilidan qat’i nazar, hospisga bepul qabul qilinib, tibbiy xizmatlar davlat mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Tibbiy yordam ijtimoiy xizmatlar bilan birgalikda tashkil etiladi. Shuningdek, bemorning oila a’zolariga maslahat va ruhiy ko‘mak berish xizmatlari ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Bemorning oilasini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hospislarda oilani qo‘llab-quvvatlash xizmatini tashkil etish, bemorning yaqinlariga ruhiy va ijtimoiy ko‘mak berish, uyida parvarish qoidalarini amaliy mashg‘ulotlar orqali o‘rgatish belgilangan. Bu xizmatni 2027-yil 1-yanvardan hududlararo hospislarda ham yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Bunday yordam bemorlarga qarayotgan oila a’zolarining tashvishlarini yengillashtirish, parvarishni to‘g‘ri tashkil qilish va qiyin vaziyatda zarur maslahat olishga ko‘maklashishga qaratilgan.
Yangi tizim uchun mutaxassislar tayyorlash va ularni qayta o‘qitish ishlari xalqaro hamkasblar bilan boshlangan. Bugungi kunga qadar hospis va mobil palliativ yordam jamoalarini tayyorlash hamda palliativ yordam olayotgan bemorlarning yaqinlarini psixo-sotsial qo‘llab-quvvatlash dasturlari qabul qilindi. Tarqatma materiallar tayyorlanib, bemorning yaqinlariga taqdim etildi. Bu orqali ular bemorni parvarish qilishga o‘rgatilmoqda. Bemorlarni ro‘yxatga olish, kerakli yordamga yo‘naltirish va xizmatlarni kuzatib borish uchun elektron tizim joriy etilmoqda. U tibbiyot xodimlari va ijtimoiy xizmatlarning o‘zaro hamkorligini yengillashtirishga xizmat qiladi.
Palliativ yordamga ehtiyoji bor aholini qamrab olishni 2027-yilda kamida 5 foizga, 2028-yilda 12 foizga, 2029-yilda 65 foizga va 2030-yilda kamida 80 foizga yetkazishni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.
Mohigul Qosimova,
O‘zA