O‘zXDP talabalar o‘rtasida “Zakovat” o‘yinini o‘tkazdi
Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili munosabati bilan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi yoshlar bilan ishlash, ularning bilim va salohiyatini oshirishga qaratilgan bir qator samarali loyihalarni o‘tkazib kelmoqda. Maqsad partiyaning asosiy g‘oya va maqsadlarini targ‘ib qilgan holda yoshlarni siyosiy jarayonlarga ko‘proq jalb etish, a’zolar orasida yoshlarning salmog‘ini oshirishdan iboratdir.
Iqtidorli yoshlarning mantiqiy fikrlash darajasini hamda intellektual salohiyatini rivojlantirish maqsadida partiya Markaziy Kengashi Yoshlar sektori tashabbusi bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi. Unda respublikamizdagi 13 ta eng nufuzli oliy ta’lim muassasalarining talabalari ishtirok etib, o‘z bilimlarini sinashdi.

Bellashuvda “Zakovat” klubi xodimlari taklif qilinib, ishtirokchilar aynan klub xodimlari tomonidan tayyorlangan savollarga javob berishdi. O‘yin davomida yoshlarga xos shijoat, topqirlik, g‘alabaga bo‘lgan intilish sezilib turdi. Har bir savol muhokamasi uchun 1 daqiqa vaqt ajratildi.
Qizg‘in ruhda kechgan o‘yin natijalariga binoan 3-o‘rin Toshkent davlat yuridik universiteti talabalaridan tarkib topgan jamoaga nasib qildi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining zukko yigit-qizlari faxrli 2-o‘ringa loyiq topildi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari esa birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Bellashuv yakunida yoshlarni taqdirlash uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi, partiya Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Firdavs Sharipov so‘z olib, barchani yaqinlashib kelayotgan Navro‘z ayyomi bilan samimiy tabrikladi. Bellashuvga kelgan har bir yigit-qiz aslida g‘olib ekanini qayd etdi. O‘zXDP ehtiyojmand aholi qatlamlari manfaatlarini himoya qilish bilan birga, kelajagimiz bo‘lmish yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini, talabalar ishtirokidagi “Zakovat” intellektual o‘yinlarini kelgusida an’anaviy tarzda o‘tkazish rejalashtirilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Yakunda g‘olib va sovrindorlarga badiiy kitoblar jamlanmasi, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
M.Komilova,O‘zA