"O‘zsuvta’minot" AJ: korrupsiyaga yo‘l yo‘q
Korrupsiya davlat va jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiluvchi illatdir. Korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro miqyosdagi dolzarb muammolardan biridir. Mamlakatimizda ham unga qarshi murosasiz kurashilmoqda. Bu borada xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasi ham o‘rganilmoqda.
Jumladan, har bir tashkilotlarda milliy qonunchilik asosida komplayens-nazorat tizimi joriy etildi.

– Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan “O‘zsuvta’minot” AJ da ham sohada korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida bir qator samarali ishlar bajarildi, – deydi "O‘zsuvta’minot" AJning Korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat boshqarmasi boshlig‘i Kamoliddin Yuldashev. Jumladan, aksiyadorlik jamiyati va uning barcha hududiy suv ta’minoti korxonalarida komplayens-nazorat tizimi joriy etildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini tartibga soluvchi 14 ta ichki me’yoriy hujjat ishlab chiqildi. Joylarda muntazam ravishda, shu jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan 500 ga yaqin uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazildi. Shuningdek, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarning shaffofligini yanada oshirish orqali korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida respublikamizning 81 ta tuman va shaharlarida to‘lovlar elektron shaklga o‘tkazilgan.
Qolaversa, joriy yilning fevral oyida “O‘zsuvta’minot” AJ Sifat menejmenti (ISO 9001) va Korrupsiyaga qarshi kurashish (ISO 37001) bo‘yicha xalqaro sertifikatlariga ega bo‘ldi. Tizimda ayni paytda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida turli to‘lovlar, pul ko‘chirish va boshqa masalalarda shaffoflikni ta’minlashda mutaxassislar ish olib bormoqda.

Nilufar Bozorova, Oybek Pardayev (surat) O‘zA