“O‘zmilliybank” AJ — yoshlarning biznesdagi ishonchli hamkori
Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida har payshanba kunini “Yoshlar kuni” deb e’lon qilinishi mamlakatimiz yigit-qizlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
Ushbu tashabbus doirasida joylarda yoshlar bilan muntazam uchrashuvlar tashkil etilib, ularning fikr-mulohazalari va takliflari izchil o‘rganilmoqda. Prezidentimiz topshirig‘iga asosan, “O‘zmilliybank” AJ rahbariyatining Shahrisabz tumanida qashqadaryolik yoshlar bilan o‘tkazgan muloqoti ham ayni shu maqsadga xizmat qilib, har tomonlama samarali kechdi. Tadbirda viloyatdagi 9 ta oliy ta’lim muassasasining 4 ming 340 nafar talabasi oflayn va onlayn tarzda ishtirok etib, bank mutasaddilari bilan o‘zlarining biznes g‘oyalari, startap loyihalari va tadbirkorlik tashabbuslari borasida fikr almashdi.

Uchrashuv davomida so‘z olgan nodavlat ta’lim muassasasi rahbari Ilyos Negmatov o‘z rejalari bilan o‘rtoqlashar ekan, shunday dedi: men nodavlat ta’lim muassasasi rahbari sifatida maktabimiz faoliyatini yanada kengaytirishni maqsad qilganman. Uchrashuvda shu masala bo‘yicha “O‘zmilliybank” AJdan 1 milliard so‘m kredit ajratishni so‘rab murojaat qildik va bu masala ijobiy hal bo‘ladigan bo‘ldi. Bugungi uchrashuv tadbirkorligini boshlamoqchi yoki faoliyatini yanada kengaytirmoqchi bo‘lgan yosh tadbirkorlar uchun juda qulay imkoniyat bo‘ldi.
Bu kabi amaliy muloqotlar davomida “Kelajakka qadam” dasturi doirasidagi imtiyoz va yengilliklar haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi. Yosh tadbirkor Mardon Abdullayev ham o‘z faoliyatini kengaytirish istagini bildirib, davlat tomonidan yaratilayotgan sharoitlarni yuqori baholadi.

– Prezidentimiz biz yoshlarga juda ko‘p imkoniyatlar yaratib bermoqda, – deydi tadbirkor. – Shu imkoniyatlardan foydalangan holda men “O‘zmilliybank” AJ dan kredit olib, metall mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganman. Natijada 10 nafar tengdoshim ish bilan ta’minlandi. Bugungi uchrashuvda esa bank mutasaddilaridan yana 5 milliard so‘m kredit ajratishlarini so‘rab murojaat qildik. Bu faoliyatimizni yanada kengaytirish va qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
Yosh tadbirkorning mix va metall buyumlar ishlab chiqarish korxonasini kengaytirish bo‘yicha bergan taklifi ham bank tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, uchrashuvda kitoblik Zarina Kamolova umumiy ovqatlanish faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 50 million so‘m, shahrisabzlik Asila Ergasheva esa tadbirkorligini kengaytirish uchun imtiyozli kredit so‘rab murojaat qildi va bu masalalar joyida hal etildi. Qarshi shahrilik Murodulla Halimov esa o‘zi ochgan xususiy maktabni jihozlashda moliyaviy ko‘mak so‘radi va unga tez kunlarda zarur mablag‘ ajratilishi aytildi.
Tadbirda ishtirok etgan talaba Parizoda Tosheva ham o‘z muvaffaqiyati bilan o‘rtoqlashdi. Prezidentimiz biz talabalarga katta imkoniyatlar yaratganlar, dedi u. – Jumladan, talabalar uchun 15 foizlik kredit berilishi bu judayam katta imkoniyat. “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida 1 milliard so‘m kredit oldik. Uy mehmonxonasi tashkil etdik va 5 kishi ish bilan ta’minlandi.

Muloqot yakunida ma’lum bo‘lishicha, talabalar tomonidan jami 63 ta murojaat va 35 ta taklif bildirildi. “Talaba invest” kredit mahsuloti bo‘yicha jami 42,5 milliard so‘mlik 9 ta loyiha hamda “Tadbirkorlikka ilk qadam” dasturi bo‘yicha 1,4 milliard so‘mlik 70 ta loyiha taqdim qilindi. Bundan tashqari, “Mening birinchi kasbim” dasturining yo‘lga qo‘yilishi va uning doirasida 21 milliard so‘m resurs ajratilishi haqidagi ma’lumot yoshlarni yanada mamnun etdi. Bu kabi tadbirlar yoshlarning biznes g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Madina Nasriyeva, O‘zA