“O‘zkimyosanoat” AJ ko‘magida aholi bandligi ta’minlanmoqda
Mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada yirik sanoat korxonalari ham faol ishtirok etib, joylarda yangi ish o‘rinlarini yaratishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Ana shunday tashabbuslardan biri “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilmoqda.
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi Obod mahallasida jamiyat ko‘magida aholini ish bilan ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar yo‘lga qo‘yildi. Xususan, mahallada yashovchi fuqaro Nazokat Xudoyberdiyevaga tikuvchilik faoliyatini boshlash uchun zarur sharoitlar yaratildi. Unga zamonaviy tikuv mashinalari ajratilib, kichik ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Ushbu tashabbus natijasida bir necha nafar kam ta’minlangan oila a’zolari doimiy daromad manbaiga ega bo‘lib, o‘z bandligini ta’minlash imkoniga erishdi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, bunday loyihalar joylarda tadbirkorlik muhitini rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. “O‘zkimyosanoat” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbuslar esa bu boradagi ishlar izchil davom etayotganini ko‘rsatmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA