O‘zini o‘zi band qilganlar uchun ijtimoiy soliq majburiy bo‘lishi mumkin
2027-yil 1-yanvardan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun yiliga 440 ming so‘m miqdorida ijtimoiy soliq joriy etilishi taklif etilmoqda. Bu toifadagi fuqarolarga mehnat stajini shakllantirish, kelgusida pensiya olish hamda davlat ijtimoiy sug‘urtasi doirasida nafaqalardan foydalanish imkonini beradi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi pensiya ta’minoti tizimini isloh qilishga qaratilgan Prezident farmoni loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi. Loyihaga ko‘ra, 2027-yildan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun BHMning bir baravari — 440 ming so‘m miqdorida majburiy ijtimoiy soliq to‘lash tartibini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Ayni paytda o‘zini o‘zi band qilganlar ijtimoiy soliqni ixtiyoriy ravishda to‘laydi. Yangi tartibda esa ushbu to‘lovni yil davomida bo‘lib-bo‘lib amalga oshirish imkoni beriladi. Bunda oyiga taxminan 36,6 ming so‘mdan to‘lash mumkin bo‘ladi.
Taklif etilayotgan tartibning asosiy maqsadi — o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimiga qamrab olish. Ular tomonidan to‘langan ijtimoiy soliqning 10 foizi Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Buning natijasida fuqaroning mehnat staji shakllantiriladi va kelgusida pensiya olish huquqi ta’minlanadi.
Shuningdek, belgilangan tartibda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik hamda homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan olish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Bundan tashqari, rasmiy daromadga ega fuqarolarga ishlamaydigan oila a’zolari uchun ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lash huquqini berish taklif etilmoqda. Bu orqali ularning ham mehnat staji va kelgusida pensiya olish huquqi shakllantiriladi.
Loyihada bundan tashqari, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlashda ushbu yosh toifasiga kiruvchi fuqarolarning rasmiy daromadi mavjudligi hisobga olinmasligi taklif etilmoqda.
Yana bir muhim taklif — 2030-yil 1-yanvardan korxona va tashkilotlarga ijtimoiy soliq bo‘yicha amaldagi imtiyozlarni bekor qilish. Yangi imtiyozlar ham joriy etilmasligi belgilanmoqda. Hozirda ijtimoiy soliqning umumiy stavkasi 12 foizni tashkil etadi.
Ta’kidlash joiz, yuqoridagi o‘zgartishlar hozircha qonunchilikka kiritilgan yakuniy normalar emas.
Loyiha jamoatchilik muhokamasiga 30-sentabrga qadar davom etadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA