O‘zimni hech qachon nogiron deb hisoblamaganman
Ba’zan turmush tashvishlari insonni holdan toydiradi. Hayotdan, taqdirdan nolib qolamiz. Lekin yaratganning o‘zi sizu bizga ravo ko‘rgan taqdirning sinovlaridan hech qachon nolimasligimiz, doimo shukrona bilan yashashimiz kerak ekan.
Qashqadaryo viloyati Nishon tumani “Janub mash’ali” mahallasida yashovchi Asror Qurbonov 11 yoshligida elektr toki sabab chap qo‘lidan ajralib qoldi. Bir qo‘lsiz o‘tgan bolalik yillarining anchagina qismi mashaqqatli o‘tdi uning uchun. Lekin bora-bora taqdiriga ko‘nikdi. Sog‘lomlar o‘rtasida o‘z o‘rnini topishga intildi.
– Qo‘limdan ajralgan dastlabki yillarda dunyo ko‘zimga qorong‘u bo‘lib qoldi. Bola qalbim bilan umidsizlikka tushib qoldim, – deydi Asror Qurbonov. – Chunki o‘zim kiyina olmasdim, ovqatlana olmasdim. Onam yedirib qo‘yardi. Odamlar meni ko‘rganda achinish hissi bilan qarashganda asabiylashardim. Maktabga bormay qolgan paytlarim ko‘p bo‘lgan. Sinfdosh do‘slarimdan uyalardim.
Ha, Asror Qurbonov bugun to‘rt muchchasi sog‘ insonlar eplolmaydigan ishlarni bajaryapti. Yillar o‘tishi natijasida ota-onasi ko‘magi va yaqinlari daldasi bilan u yana sekin-sekin o‘z tengqurlariga qo‘shila boshladi. Oradan biroz vaqt o‘tib bog‘bonchilik va dehqonchilik sohasiga qiziqdi. Yerga ilk bor tarvuz urug‘ini qadadi. O‘shanda u 13 yoshda edi. Deyarli 10 yildan buyon o‘zining mahallasi atrofidan ijaraga yer olib mavsumda turli poliz mahsulotlarini ham yetishtiradi. Halol peshona teri orqali topiladigan sof daromad esa 30 millionga yaqin. Yilning 4 faslida ham harakatdan to‘xtash yo‘q. U o‘z hovlisida 3 sotix yer maydonida issiqxona barpo qilgan.
[gallery-13517]
– 2007 yil uylandim. 2008 yil birinchi farzandimiz qiz bo‘ldi. Ismini Sevinch qo‘ydik. Qizim qachon “dada” desa o‘zimni nogironmasman derdim, – deydi qahramonimiz. – Shundan keyin harakat qildim. Bolalarni boqish kerak. Kiyintirish kerak, yaxshi o‘qitish kerak. O‘zimni nogironman deb hisoblamayman. 3 nafar farzandim bor. 6-7 yildan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanamiz. Issiqxonamiz bor. Oldinlari pomidor bodring ekardik. Ertachi chiqarardik. Bir yilga 3 marta hosil olardik. Hozir qulupnayning serhosil navlaridan ekdik. Buni ham daromadi yaxshi. Shuni izidan uy quryapmiz. To‘y qilyapmiz. Bolalarni o‘qityapmiz. Nolimaymiz. Mehnat qilsa hamma narsaga erishsa bo‘ladi. Uni izidan hamma narsa keladi.
Asror Qurbonov uchun oila a’zolari eng katta umid manbai. Ularning qo‘llab-quvvatlashini doim his qilib turadi. Shu bois intilishdan sira to‘xtamaydi.
– Ota-onam bor xudoga shukr. Ayolim bilan birgalikda ish qilamiz. Doim men bilan birga, – deydi u. – Og‘ir-yengil ishlarda ko‘maklashadi. Qishda “kotyol” yoqamiz issiqxonaga. Bundan boshqa tadbirkorligimiz ham bor. Ayolim hunarmandchilik qilib paypoqlar to‘qiydi. Men o‘zimni hech qachon nogiron deb hisoblamayman. Hamma narsa qo‘limdan keladi allohga shukr. Qo‘limning yo‘qligi bilinmaydi. Bolalarim dastyor bo‘lib qolgan. Umuman bilinmaydi. “Dadajon to‘xtab turing, o‘zimiz qilamiz deydi. Yoshligimda bilinardi bir qo‘llab ishlash. Hozir bilinmaydi. Bolalarim, ayolim qo‘ltig‘imdan kirdi va mening qo‘limga aylanishdi. Birgalikda hamma ishni eplayapmiz. Bekorchimiz yo‘q. Chiqqan mahsulotlarni ichki bozorga sotyapmiz. Supermarketlardan buyurtmalar tushyapti. Daromadi yaxshi shukr.
Qahramonimiz dehqonchilik sir-asrorlarini o‘rganishdan charchamaydi. Doim yangilik qilishga harakat qiladi. Oldinlari issiqxonada pomidor, bodring yetishtiruvchi tajribali dehqon deya ko‘pchilik maslahat so‘rab kelgan bo‘lsa, mana ikki yildirki qulupnaychilikda ham ijobiy natijalarga erishmoqda.
– Yanvarda ekkan qulupnaylar mart oyidan hosilga kirdi, – deydi A.Qurbonov. – Hosilini maygacha sotdik. Hozirgacha ko‘chat olishni yakunlayapmiz. Ko‘chatlarini ham sotamiz. Ko‘chatlarni kattaroq issiqxonaga ekyapmiz. Endi oktyabr oyining oxiridan yana ko‘chat olishni rejalashtirib turibmiz bozorga chiqarishni. Bo‘sh vaqtimda bolalarimga lazzatli taomlar ham tayyorlab beraman. Ayolim hech qachon yuzimga solmagan nogironligimni. Shuning uchun baxtliman. 16 yil bo‘lyapti birga yashaganimizga. Hayotimda xursand bo‘lgan narsam boshida yashashim qanday bo‘larkin, qanday ovqat yerkanman, degan hadik bo‘lgan. Boisi qolgan bitta qo‘lim ham bukilib ishlamay qolgandi. Baribir yuragimda ishonch bor edi. Shu hislar menga kuch berdi. Inson orzulardan to‘xtamas ekan. Mana bugun odamlarning hojatini chiqaradigan ham bo‘ldim. Yaratgandan nimani so‘ragan bo‘lsam hammasini birma bir bermoqda. Yer bellash, daraxt kesish, mashina haydash va hokazo, hammasini bajaraman.
Asror Qurbonovning ta’kidlashicha, unga eng katta kuchni ayoli beradi. Er-xotin birgalikda bugun 3 farzandni tarbiyalab, baxtli hayot kechirmoqda.
– Turmush o‘rtog‘im hayotda juda mehribon va samimiy inson. Turmush qurganimizga 15 yildan oshgan bo‘lsa, bir marta ham tortishib qolmaganmiz, – deydi turmush o‘rtog‘i Go‘zal Chalishova. – Doim hammamizning xursand bo‘lib yurishimizni istaydi. 7-8 yildan buyon issiqxona qilib, pomidor bodring ekardik. Ikki yildan buyon qulupnaychilik bilan shug‘ullanyapmiz. Shu sharoitda bo‘lsa ham u kishi juda tirishqoqlar. Oilamizni yaxshiroq boqish uchun doim intiladi. U kishidan doim motivatsiya olaman.
Qulupnaydan tortib atirgulning 10 xiligacha Asror dehqonning issiqxonasida yilning istalgan faslida topiladi. Bu borada qilgan fidokorona mehnatlari qadrlanib, 2020 yilda “Eng namunali tomorqachi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
– Ushbu mukofot ham ko‘nglimni tog‘dek ko‘tardi, – deydi A.Qurbonov. – Baribir rag‘bat yaxshida. E’tibor va g‘amxo‘rlikda ekaning faxr tuyg‘usini to‘lqinlantiradi. Yanada yaxshiroq ishlashga harakat qilasan va shu orada ko‘p natijalarga erishasan. Tuman hokimimiz ham doim e’tibor qaratadi. Bir gektar dehqon xo‘jaligi uchun yer ajratib bergan. Unga ham poliz ekinlari ekib foydalanamiz. Kelgusida mana shu yo‘nalishdagi ishlarimizni yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.
Darhaqiqat, maqsad ezgu bo‘lsa, qolgani yaratganning inoyati bilan barokatli bo‘laveradi. Bunga nishonlik tadbirkor Asror Qurbonov faoliyati yaqqol misol.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA.