“O‘zbekneftgaz” va "CNPC" texnologik hamkorlikni mustahkamlaydi
“O‘zbekneftgaz” AJ va Xitoyning "CNPC" korporatsiyasi neft-gaz sanoatidagi hamkorlikni yangi yo‘nalishlarda rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Bu masalalar “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov hamda CNPC prezidenti Chjou Sinxuay boshchiligidagi delegatsiya uchrashuvida muhokama qilindi.
Muloqotda qidiruv-qazish ishlarini takomillashtirish, konlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanish va ishlab chiqarishga ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etishga ustuvor ahamiyat berildi. Shuningdek, raqamli yechimlar, seysmik tadqiqotlar, loyihalash hamda zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash borasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. “CNPC” ga qarashli bir qator kompaniyalar bilan amalga oshirilayotgan ishlar sohaning texnik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Uchrashuvda “M-25” konida yuzaga kelgan avariya oqibatlarini bartaraf etish masalalariga ham urg‘u berildi.Mavjud vaziyatni hal qilish doirasida qutqaruv quduqlarini burg‘ilash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Tomonlar mamlakat ichki bozorini yoqilg‘i mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash masalasiga ham to‘xtaldi. Bunda yetkazib berish manbalarini ko‘paytirish, uzoq muddatli ta’minot mexanizmlarini shakllantirish va hamkor kompaniyalar faoliyatini muvofiqlashtirish muhim vazifalar sifatida belgilandi.
Hamkorlikni samarali tashkil etish maqsadida Toshkentda CNPCning doimiy vakolatxonasini ochish va qo‘shma loyihalarni boshqarish uchun zarur ma’muriy infratuzilmani shakllantirish bo‘yicha takliflar ham ilgari surildi. Shu bilan birga, ijtimoiy tashabbuslarni rivojlantirish masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi.
Sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega muhandis-texnik mutaxassislarni tayyorlash, ularning kasbiy salohiyatini oshirish hamda tarmoqning kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish borasidagi hamkorlikni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Jamiyat axborot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuv yakunida tomonlar texnologik sheriklikni kengaytirish, istiqbolli loyihalarni ilgari surish va o‘zaro manfaatli tashabbuslarni amaliy natijalar bilan mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirgan.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA