O‘zbekistonning tashqi diplomatiyasi
Ushbu rukn doirasida O‘zA mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari va konsullik muassasalari faoliyatini yoritish orqali iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.

Fransiya. 2026 9-oktabr kuni “Agro Paris Tech” oliy ta’lim muassasasida “Suv hamma uchun” xalqaro ta’lim dasturining 2025-2026 o‘quv yilgi bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Dasturni muvaffaqiyatli tugatgan O‘zbekiston vakillari xalqaro diplomlar bilan taqdirlandi.

Buyuk Britaniya. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi delegatsiyasi terrorizmga qarshi kurashish, shuningdek, jabrlanuvchilar va guvohlarni himoya qilish bo‘yicha Britaniya tajribasini o‘rgandi.

Polsha. Polsha va O‘zbekiston ishbilarmonlari ishtirokida biznes-forum tashkil etildi. Tadbirda ikki mamlakatning investitsiyaviy imkoniyatlari taqdim etilib, B2B va G2B formatidagi uchrashuvlar o‘tkazildi.

Serbiya. Belgradda Serbiya Respublikasi Ta’lim vazirligi Davlat kotibi Yasmin Xadjich hamda vazir o‘rinbosari Yanko Samardjich bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muloqotda ta’lim sohasidagi O‘zbekiston - Serbiya o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Singapur. Singapurda mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning Singapurdagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher Qayumov savdo, investitsiya, ta’lim va madaniy aloqalarni mustahkamlash istiqbollariga to‘xtalib o‘tdi. Tadbirning faxriy mehmoni — Singapur katta vaziri Murali Pillay o‘z mamlakati aholisini yurtimizning boy tarixi, me’moriy yodgorliklari va mehmondo‘stlik an’analari bilan yaqindan tanishishga chorladi.
Orash Akaboyev, O‘zA