O‘zbekistonning migratsiya siyosati: xalqaro tajriba va milliy model
Global iqtisodiyotda mehnat migratsiyasi endilikda faqat aholi harakati yoki ijtimoiy jarayon emas, balki iqtisodiy barqarorlik, inson kapitali va tashqi mehnat bozoridagi raqobatbardoshlikni belgilaydigan strategik omilga aylanmoqda. Bugun dunyo bo‘ylab 280 milliondan ortiq inson mamlakatidan tashqarida yashaydi yoki mehnat qiladi. Xalqaro mehnat tashkiloti (ILO) bahosiga ko‘ra, xalqaro mehnat migrantlari soni 169 million nafardan oshgan.
Jumladan, O‘zbekiston uchun ham migratsiya siyosati davlat iqtisodiy va ijtimoiy siyosatining muhim tarkibiy qismiga aylanmoqda. Zero, mamlakatimiz aholisining salmoqli qismi mehnat yoshida, ichki mehnat bozoriga har yili yuz minglab yangi kuch kirib kelmoqda. Ayni jihat tashqi mehnat bozori bilan tizimli integratsiyani iqtisodiy zaruratga aylantirmoqda.
Ilgari migratsiya ijtimoiy muammo yoki muvaqqat iqtisodiy hodisa sifatida qabul qilingan bo‘lsa, endi davlat ushbu tizimni boshqariladigan moliyaviy resurs sifatida ko‘ra boshladi. Xususan, 2024-yil tashqi mehnat migratsiyasi tizimi qayta tashkil qilinib, yangi Migratsiya agentligi shakllantirildi.
Agentlik zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatildi:
- qonuniy mehnat migratsiyasini tashkil qilish;
- migrantlarni tayyorlash;
- litsenziyalangan xususiy bandlik agentliklarini nazorat qilish;
- xorijdagi fuqarolar huquqini himoya qilish;
- raqamli migratsiya xizmatini joriy etish.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil migratsiya tizimini xalqaro standart asosida takomillashtirish bo‘yicha qator ko‘rsatmalar berdi. Shu tariqa yagona darcha tamoyili, raqamli xizmat, sun’iy intellekt unsurlarini joriy etish va Yevropa mehnat bozoriga chiqish vazifalari belgilandi.
Hozir xalqaro tahlilchilar ham O‘zbekistonning yangi yondashuviga e’tibor qaratmoqda. Xususan, “Euronews” tahlilida mamlakatning yangi siyosati “managed migration” – boshqariladigan migratsiya modeli sifatida baholandi.
Ushbu tahlilda bir necha muhim tendensiya alohida ta’kidlandi:
- migratsiyani iqtisodiy resurs sifatida qabul qilish;
- malakali kadrlarni tayyorlash;
- mehnat bozorini diversifikatsiya qilish;
- qaytgan migrantlarni iqtisodiyotga integratsiya qilish.
Avvallari mehnat migratsiyasi asosan Rossiya bozoriga bog‘langan O‘zbekiston hozir Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Polsha, Finlyandiya, Qatar, Buyuk Britaniya kabi davlatlar bilan hamkorlik ko‘lamini jadal kengaytirmoqda.
Masalan, Germaniya bilan hamkorlik doirasida nemis mehnat bozori uchun hamshira, texnik mutaxassis va xizmat ko‘rsatish sohasi xodimi tayyorlash dasturlari yo‘lga qo‘yilgan.
Qatar bilan ham mehnat migratsiyasi sohasida institutsional hamkorlik kengaytirilib, mehnat migrantlarini tayyorlash, til o‘qitish va huquqiy himoya mexanizmi yaratish bo‘yicha qo‘shma dastur ishlab chiqilgan.
Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik ham yangi bosqichga chiqyapti. Xususan, Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM) bilan xavfsiz migratsiya, reintegratsiya va migrantlar huquqi himoyasi sohasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Respublikamiz BMT “Global Compact for Migration” tashabbusida ham faol ishtirok etmoqda.
Xalqaro tajribaga nazar tashlasak, O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida bir necha modelni o‘zlashtirayotganiga guvoh bo‘lamiz. Xususan, Janubiy Koreya bilan EPS – davlat tomonidan boshqariladigan “Employment Permit System” qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi ishlayapti. Mazkur model til imtihoni, kasbiy saralash, rasmiy mehnat shartnomasi va migrantlar huquqiy himoyasi mexanizmiga asoslangan.
Germaniya bilan hamkorlik malakali migratsiya konsepsiyasi asosida rivojlanmoqda. Tomonlar dual ta’lim, hamshira va texnik mutaxassis tayyorlash, til o‘qitish va legal mehnat migratsiyasi infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qator loyihalarni ishga tushirgan. Davlatimiz 2025-yil Germaniya, Koreya, Yaponiya, Italiya va Shvetsiya kabi davlatlar bilan mehnat migratsiyasi sohasida strategik hamkorlik kzlamini yanada kengaytirdi. Ushbu jarayon O‘zbekiston migratsiya siyosatining oddiy ishchi kuchi eksportidan raqobatbardosh inson kapitali tayyorlash modeliga o‘tayotganini ko‘rsatadi.
Dilshod Hakimov, O‘zA