O‘zbekistonning 12 ta surati Wiki Loves Earth 2026 xalqaro bosqichiga yo‘l oldi
O‘zbekistonda xalqaro Wiki Loves Earth 2026 fototanlovining milliy bosqichi yakunlandi.
Hakamlar hay’ati mamlakatning tabiiy merosini aks ettiruvchi 12 ta eng yaxshi fotosuratni saralab, xalqaro bosqichga yo‘lladi.
Bu yilgi tanlovda ishtirokchilar O‘zbekistonning turli hududlariga borib, mamlakatning rang-barang tabiati — tog‘lar, ko‘llar, daryolar, o‘rmonlar, hayvonot dunyosi va noyob tabiiy hududlarni suratga oldi.
Tanlov doirasida jami 1172 ta fotosurat yuklandi. Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston Wiki Loves Earth 2026 tanlovida ishtirok etgan mamlakatlar orasida 20-o‘rinni egalladi.
Milliy saralash yakunlariga ko‘ra, xalqaro bosqichda O‘zbekiston nomidan 12 ta fotosurat ishtirok etadi. Ular mamlakat tabiatining turli qirralarini — Toshkent botanika bog‘idagi kichik jonzotlardan tortib, Ugam-Chotqol hududining ulkan tog‘ manzaralarigacha namoyish etadi.

Xalqaro bosqichga Dina Xalikovaning (User:26D) Toshkent botanika bog‘i va Zomin milliy bog‘ida olgan ikki fotosurati yo‘llandi. Yana ikki ish Arina Pan va Fayzullo Mamatmusayevga (User:Iplossusvulpes19) tegishli bo‘lib, ularda Ugam-Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi aks etgan.

Saralangan fotosuratlarning katta qismi Ugam-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i bilan bog‘liq. Ushbu ishlar muallifi — avvalgi tanlovlar g‘olibi va sovrindori, shuningdek, xalqaro tanlov sovrindori Marat Nadjibayev. Uning fotosuratlarida keng tog‘ panoramalari bilan bir qatorda, Urungoch tabiiy yodgorligi kabi alohida tabiiy ob’ektlar ham aks etgan.

Xalqaro bosqichga yuborilgan fotosuratlar jamlanmasini Boris Nedosekovning Qoraqalpog‘istondagi Sudoche tabiiy qo‘riqxonasida olgan surati yakunlaydi.

Saralangan ishlar O‘zbekiston tabiiy landshaftlarining rang-barangligini yaqqol ko‘rsatadi. Bir fotosurat tomoshabinni Toshkent botanika bog‘idagi o‘simliklar va hasharotlarning kichik olamiga olib kirsa, boshqalarida qoyali daralar, qorli cho‘qqilar, baland tog‘ ko‘llari va tog‘larda yashovchi hayvonlar tasvirlangan.
Bu yilgi tanlovda Ugam-Chotqol hududi alohida o‘rin egalladi. Xalqaro bosqichga o‘tgan fotosuratlarning aksariyati aynan shu hududda olingan. Ularda tog‘ tabiatining turli ko‘rinishlari — suv oqimlari, chuqur daralar, qor bilan qoplangan yonbag‘irlar, baland tog‘ ko‘llari va tog‘ hayvonlari aks ettirilgan.
Shu bilan birga, Sudoche qo‘riqxonasida olingan surat O‘zbekistonning tabiiy boyligi faqat tog‘li hududlar bilangina cheklanmasligini ko‘rsatadi. Qoraqalpog‘istonning muhofaza etiladigan hududlari ham mamlakat tabiiy merosining muhim qismidir.
Wiki Loves Earth nafaqat fototanlov, balki tabiat merosiga oid erkin foydalanish mumkin bo‘lgan vizual arxivni shakllantirishga xizmat qiluvchi xalqaro tashabbusdir. Tanlov ishtirokchilari tomonidan yuklangan fotosuratlar Wikimedia Commons platformasiga joylashtiriladi. Erkin litsenziya asosida taqdim etilgan ushbu suratlar Vikipediya va boshqa Wikimedia loyihalarida foydalanish uchun ochiq.
Shu tariqa, tanlov davomida olingan fotosuratlar nafaqat xalqaro musobaqada ishtirok etadi, balki kelgusida ensiklopedik maqolalar, ta’limiy materiallar va O‘zbekistonning tabiiy hududlariga bag‘ishlangan turli loyihalarni tasvirlashga ham xizmat qiladi.
Milliy bosqich yakunlangan bo‘lsa-da, saralangan 12 ta fotosurat uchun tanlov davom etmoqda. Endi ular Wiki Loves Earth 2026 xalqaro bosqichida boshqa mamlakatlardan yuborilgan eng yaxshi fotosuratlar bilan bir qatorda baholanadi. Xalqaro g‘oliblar keyinroq e’lon qilinadi.
Hozircha esa ushbu 12 ta fotosurat O‘zbekistonning noyob tabiati va tabiiy merosini xalqaro auditoriyaga namoyish etmoqda.
Hamroz Bayonov,O‘zA