O‘zbekistonni o‘z Vatani deb bilgan ijodkor
Ko‘p millatli O‘zbekistonda turli millat va elat vakillarining emin-erkin yashashi, ta’lim olishi, ijod qilishi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, atoqli koreys shoiri va tarjimon Boris Pak tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbirda ana shular haqida so‘z bordi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid azaldan diyorimizda turli millat vakillarining samarali mehnat va ijod qilib, yagona va ahil oila farzandlaridek yashab kelayotganlarini alohida ta’kidladi.
Boris Pak 1932 yilda Koreya Respublikasida tug‘ilgan. U O‘zbekistonga to‘rt yoshligida, diyorimizga deportatsiya etilgan minglab koreys millatiga mansub odamlar bilan birgalikda kelib qolgan. O‘z davrida Toshkent davlat pedagogika instituti deb nomlangan oliygohni tamomlagan Boris Pak yurtimiz adabiy hayotida shoir va tarjimon, jamoat arbobi sifatida tanildi.

Boris Pakning butun hayoti va mehnat faoliyati bevosita O‘zbekiston bilan chambarchas bog‘liqdir. Ellik yildan ortiq vaqt mobaynida Toshkent, Nukus, Almati, Moskva va boshqa shaharlardagi bosma ommaviy axborot vositalari va nashriyotlarda uning adabiy-badiiy asarlari, publitsistik asarlari; Yusuf Shomansur, Xayridin Saloh, To‘lqin, Ma’ruf Jalil, Oshiq Erkin kabi atoqli o‘zbek ijodkorlari; Xolmurod Sapar, Sagidulla Abbozov singari qoraqalpoq ijodkorlari; Amet Mefayev, Reshid Murad, Seitumer Emin va boshqa qrim-tatar shoirlari; bir qator mongol shoirlari ijodidan tarjimalari nashr etilgan.
O‘zbekistonni o‘z ona Vatani deb bilgan Boris Pakning turkum ijod namunalari bolajonlarga bag‘ishlangani bilan ahamiyatlidir. Uning bir necha she’r va ertaklari mamlakatimiz umumta’lim maktablarining o‘zbek va rus tilidagi o‘quv dasturlariga kiritilgan.
Boris Pak ijodi fikrlarning teran falsafaga yo‘g‘rilgani, betakror ohangi, o‘ziga xos qalb harorati va samimiyati bilan diqqatga sazovordir. Uning bolalarga bag‘ishlangan va bolalar haqidagi she’rlari zavqli, oddiy, dilga yaqinligi bilan qadrlidir. Ushbu she’rlarning muvaffaqiyati shundaki, bu ijod namunalari bolalar qalbini teran anglaydigan, tushunadigan, kichkintoylar ruhiyatining bilimdoni bo‘lgan, bolalarning jismoniy va ma’naviy, intellektual kamoloti haqida qayg‘uradigan, ularga xayrixoh bo‘lgan ijodkor tomonidan yaratilgani har bir satrda yaqqol ko‘zga tashlanib turadi.

Boris Pak tabarruk yoshni qarshilaganiga qaramay, bugungi kunda ham samarali va barakali ijod qilmoqda. Bardam, tetik Boris Pak ona tilimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi bilan birga, o‘zbek tilida ravon so‘zlaydi. Ijod ahli bilan o‘zbek tilida gurunglashishni xush ko‘radi.
– Men shu tabarruk tuproqni o‘z Vatanim deb bilaman, – dedi atoqli koreys ijodkori Boris Pak. – Shu zaminda o‘sdim, ulg‘aydim, ijod mashaqqati va zavqini angladim. O‘zbek shoirlarining ijod namunalarini baholi qudrat tarjima qildim. Buning uchun shu yurtdan juda minnatdorman.
Uchrashuvda Boris Pak o‘zining ijodiy rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA