O‘zbekistonlik talaba Oyda o‘simlik yetishtirishga oid ilmiy ishi bilan AQSHda e’tirof etildi
“El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati va Boulderdagi Kolorado universiteti talabasi Diyora Daminova kosmik texnologiyalar hamda barqaror rivojlanish tutashuvidagi loyihalarni taqdim etib, xalqaro ilmiy hamjamiyatda o‘z o‘rnini topmoqda.
Xususan, u “Engineering excellence fund expo” ko‘rgazmasida o‘zining bitiruv loyihasi – avtomatlashtirilgan Oy issiqxonasini taqdim etdi. Mazkur ishlanma Oy regolitidan radiatsiyadan himoya vositasi va o‘simliklar o‘stirish uchun muhit sifatida foydalanish mumkinligini isbotlovchi konsepsiya (“proof of concept”) hisoblanadi.
Loyiha tez o‘suvchi o‘simliklarni, xususan, “Brassica rapa Wisconsin” navini qalinligi uch metrgacha bo‘lgan regolit qatlami ostida to‘liq avtonom tizimda yetishtirishni ko‘zda tutadi.
2025-yil noyabr oyida ushbu tashabbus moliyaviy qo‘llab-quvvatlandi: “Engineering excellence fund expo” jamg‘armasi g‘oyani rivojlantirish uchun 2 ming dollar ajratdi. Bu esa jamoaga konsepsiyadan amaliy tatbiqqa o‘tish va dastlabki natijalarni xalqaro maydonda taqdim etish imkonini berdi.

Ilmiy faoliyat shu bilan to‘xtab qolmadi. Mart oyi oxirida D. Daminova aerokosmik muhandislik sohasidagi talabalar va yosh tadqiqotchilar uchun muhim tadbirlardan biri bo‘lgan Ayova universitetida o‘tkazilgan Amerika aeronavtika va astronavtika institutining yillik anjumanida ma’ruza qildi.
Aynan shu anjumanda jamoa Oyda ekstremal sharoitlarda o‘simlik yetishtirish istiqbollariga bag‘ishlangan ilmiy ishini namoyish etdi.
Tadqiqot doirasida -80°C gacha bo‘lgan haroratda ishlashga qodir avtomatlashtirilgan issiqxona prototipi ishlab chiqildi, yig‘ildi va sinovdan o‘tkazildi. Tizim 15 kun davomida datchiklar va aktuatorlar yordamida, inson aralashuvisiz CO₂ va O₂ muvozanatini mustaqil ravishda saqlab turdi – bu kelajakdagi uzoq muddatli kosmik missiyalar uchun asosiy shartdir.
Loyiha ilmiy hamjamiyat tomonidan yuqori baholanib, sohaviy nashrda chop etish uchun tavsiya qilindi. Bu esa uning institutsional e’tirof etilishidagi navbatdagi qadam bo‘ladi.
Diyoraning faoliyati ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirayotgan hamda kosmosni zabt etishdan tortib, ekstremal sharoitlarda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashgacha bo‘lgan kelajak kun tartibini shakllantirayotgan yosh o‘zbek olimlarining yangi avlodini aks ettiradi.
Davlat tomonidan iqtidorli yoshlarning tizimli qo‘llab-quvvatlanishi mamlakatimizga bugun tug‘ilgan g‘oyalar ertangi dunyo qiyofasini belgilaydigan global ilmiy muloqotning bir qismiga aylanish imkonini bermoqda.
Bundan tashqari, Diyora Daminova nufuzli “Buffs one read” hikoyachilik (storitelling) tanlovida g‘olib chiqdi. Uning “Ovozlar” nomli essesi ko‘plab ishlar orasida eng yaxshisi, deb topilib, hakamlar hay’ati tomonidan nafaqat adabiy mahorati, balki chuqur shaxsiy va madaniy tahlili uchun ham e’tirof etildi.
Diyora o‘z asarida o‘zlikni anglash mavzusiga murojaat qilib, eng murakkab STEM yo‘nalishlaridan biridagi shaxsiy yo‘lini ochib bergan. G‘olib 500 AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Diyoraning ta’kidlashicha, har bir kishining yutug‘i “tarixdagi eng buyuk yutuq” bo‘lmasa ham, agar u samimiy niyatlar bilan qilingan bo‘lsa, doimo ahamiyatli bo‘ladi.
N.Abduraimova, O‘zA