O‘zbekistonlik pilotlar Qozog‘iston chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etdi
Qozog‘istonning “Sokol Karting” majmuasida karting bo‘yicha xalqaro klasslar o‘rtasidagi Qozog‘iston chempionatining 2026-yilgi uchinchi bosqich bahslari bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada O‘zbekiston va Qozog‘istonning iqtidorli pilotlari g‘oliblik uchun kurash olib bordi. Quvonarlisi, hamyurtlarimiz bir qator sovrinli o‘rinlarni egallab, mamlakatimiz karting maktabining salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.
OK-J klassida g‘oliblik qozog‘istonlik Artyom Petriyga nasib etgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni Ruslan Loginov egalladi. O‘zbekiston vakili Vladislav Kim uchinchi natijani qayd etib, bronza medali sohibi bo‘ldi. Shuningdek, Arseniy Glova oltinchi, Anvar Mahmudov sakkizinchi o‘rinni band etdi.

OK-N klassida Milena Polyanskaya chempionlikni qo‘lga kiritdi. O‘zbekistonlik Amir Hamrayev kumush medalga sazovor bo‘ldi. Aleksandr Chuburinskiy esa uchinchi o‘rinni egalladi. Sanjar Turexanov yettinchi, Nikolay Girda to‘qqizinchi va Kamoliddin Najmiddinov o‘n birinchi o‘rindan joy oldi.
Mini klassida esa O‘zbekiston vakili Yaroslav Xramchixin barcha raqiblarini ortda qoldirib, chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi. Ikkinchi o‘rin Elnura Ibragimovaga, uchinchi o‘rin Matvey Mazuringa nasib etdi.
Mazkur natijalar o‘zbekistonlik sportchilarning xalqaro maydonda raqobatbardosh ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA