O‘zbekistonlik operachilarga qiziqish ortmoqda
Italiyaning mashhur “La Skala” opera va balet teatrida 2025-2027-yillar davomida faoliyat yuritish hamda Yevropaning mashhur teatrlarida tajriba almashish yuzasidan o‘zbekistonlik taniqli opera xonandasi Aqlbek Piyazov bilan shartnoma imzolandi.
Bu jarayon o‘zbekistonlik opera xonandalari o‘rtasida ilk marotaba kuzatilayotgani quvonarli.
– Har 2 yilda bir marotaba Milanning “La Skala” teatri dunyodagi iste’dodlarni saralaydi va 2 yillik shartnoma asosida ishga qabul qiladi, – dedi taniqli opera xonandasi Aqlbek Piyazov. – Ushbu tanlovda qatnashish uchun 6 yil tayyorgarlik ko‘rdim. Hozir juda hayajondaman. Negaki, “La Skala” teatrida mahorat charxlash barcha opera xonandalarining orzusi.
Madaniyat vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, saralash jarayonida butun dunyodan 800 nafar opera xonandalari hujjat topshirgan bo‘lib, so‘nggi saralash bosqichida O‘zbekiston, Latviya, Qozog‘iston, Italiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Chili, Xitoy davlatlaridan jami 12 nafar opera xonandalari tanlab olindi. O‘zbekiston vakili sifatida taniqli opera xonandasi Aqlbek Piyazov ham ushbu saralash bosqichidan o‘tdi va u bilan 2 yillik shartnoma tuzildi.
– Quvonarlisi shuki, endi o‘zbekistonlik operachilarga qiziqish ortadi, yurtimizning iste’dodlari bilan ishlash uchun shartnoma tuzishga bo‘lgan talab va takliflar bo‘ladi, – dedi O‘zbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazov. – O‘zbekiston opera san’ati jahon arenasida tobora ko‘proq yangray boshlaydi. Tasavvur qilishingiz uchun sizga misol keltiraman, bizning mashhur futbolchilarimiz Eldor Shomurodov va Abduqodir Husanovlarni dunyodagi eng reytingi yuqori klublar ishga taklif qilib, ma’lum muddatga shartnoma qilishgan. Aqlbek Piyazov bilan ham xuddi shunday shartnoma tuzilgan, faqat bu sport yo‘nalishida emas, balki san’at yo‘nalishida. Bu juda katta natija, hatto men ham Milanning “La Skala” opera va balet teatrida malaka oshirishni orzu qilganman.
Aytish kerakki, “La Skala” – Milandagi opera teatri, jahon opera san’atining yirik markazlaridan biri. Binosi “Santa Mariya della Skala” cherkovi o‘rnida 1776-1778 yillari qurilgan.
Repertuarining asosini italyan kompozitorlarining operalari tashkil etadi.
N.Usmonova,
O‘zA