O‘zbekistonlik mutaxassislar Fransiyada onkologiyaning ilg‘or usullarini o‘zlashtirmoqda
Ayni kunlarda o‘zbekistonlik mutaxassislar Fransiyaning yetakchi onkologiya markazlaridan biri “Gustave Roussy”da o‘quv-amaliy stajirovka dasturida ishtirok etmoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, stajirovka davomida mutaxassislar markazning klinik va laborator faoliyati, patomorfologiya, molekulyar va genetik diagnostika jarayonlari, onkologik bemorlarni boshqarish tizimi hamda multidissiplinar yondashuv bilan yaqindan tanishmoqda.
Dastur gastrointestinal, ginekologik va torakal onkologiya, sarkomalar, gematologiya, radiatsion onkologiya, molekulyar diagnostika va Precision Medicine kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi. Shuningdek, turli yo‘nalishlardagi MDT (multidissiplinar konsilium) yig‘ilishlarida ishtirok etish va klinik holatlarni muhokama qilish ko‘zda tutilgan.

Stajirovkaning dastlabki kunida “Gustave Roussy”ning Tibbiy biologiya va patologiya departamenti rahbari professor Sesil Badual boshchiligida laboratoriya va patomorfologiya xizmatining faoliyati bilan tanishildi. Laborator diagnostika jarayonlari, namunalarni avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash tizimi, shuningdek, molekulyar va genetik tekshiruvlarning tashkil etilishi o‘rganildi.
Shuningdek, sarkomalar bo‘yicha MDT yig‘ilishida ishtirok etilib, qisqa vaqt ichida ko‘plab klinik holatlarni multidissiplinar jamoa tomonidan muhokama qilish amaliyati kuzatildi.

Dastur davomida “Gustave Roussy” bosh direktori, professor Fabris Barlesi, shuningdek, markazning turli yo‘nalishlaridagi yetakchi professor va mutaxassislari bilan uchrashuvlar ham rejalashtirilgan.
Mutaxassislarimizning ushbu amaliyoti zamonaviy onkologik yordamni tashkil etish, molekulyar diagnostika, Precision Medicine hamda multidissiplinar yondashuv bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va kelgusida ushbu tajribani O‘zbekiston onkologiya amaliyotiga tatbiq etishda muhim ahamiyatga ega.
Mohigul Qosimova,
O‘zA