O‘zbekistonga qancha elektromobillar import qilingan?
Bugun butun dunyoda texnika va texnologiyalar rivojlangani sari ularning ekologiya va atrof-muhitga salbiy ta’siri ham oshib bormoqda. Shu bois, dunyoda yonilg‘i bilan harakatlanadigan transport vositalaridan voz kechish, ularning o‘rniga atrof-muhitga zararli gazlarni chiqarmaydigan elektromobillardan foydalanishga e’tibor qaratilmoqda. Xo‘sh, bu borada O‘zbekistonda qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda ham so‘nggi yillarda elektromobillar va mototransportlardan foydalanish, shuningdek, velosipedda mamlakat bo‘ylab harakatlanishni rivojlantirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotir. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 13 yanvarida mashinasozlik tarmog‘ini transformatsiya qilish masalasidagi yig‘ilishda 50-60 mingta hamyonbop avtomashina va elektromobillar ishlab chiqarishga investitsiya kiritish zarurligini ta’kidlagan edi.
Ushbu yo‘nalishda qulaylik va yengilliklar yaratish maqsadida 2019 yil 1 yanvardan O‘zbekistonga elektromobil importi uchun boj to‘lovi bekor qilingan, o‘sha yil iyul oyida aksiz solig‘i ham olib tashlangan edi. Ayni paytda chetdan yengil elektromobil olib kirishda 20 yevro bojxona yig‘imi va 15 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lanadi, xolos.
2020 yil 29 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Avtotransport vositalarini yollash va ijaraga berish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, elektromobillar va mototransportlardan foydalanish, shuningdek, velosipedda mamlakat bo‘ylab harakatlanishni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinib, unda bir qator vazifalar belgilangan edi. Jumladan, «O‘zavtosanoat» AJ korxonalarida faqat elektr dvigatel orqali harakatlanadigan yengil avtomobillar va mototransport vositalarini ishlab chiqarish konsepsiyasini ishlab chiqish, shuningdek, Moliya vazirligi 2021 yil va keyingi yillarga mo‘ljallangan Davlat byudjetini shakllantirishda faqat elektr dvigatel orqali harakatlanadigan avto va mototransport vositalari respublika hududida xarid qilinganda yoki vaqtinchalik olib kirilganda, ularni ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tkazishda to‘lanadigan yig‘imlarni bekor qilishni nazarda tutishi belgilangan.
Yurtimizda ushbu sohada amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasida elektromobillar importi yildan-yilga oshib bormoqda. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, respublikaga 2018 yilda 13ta, 2019 yilda 39ta, 2020 yilda esa 131ta elektromobil import qilingan. Demak, 2020 yilda 2018 yilga nisbatan 10 barobar ko‘proq elektromobillar mamlakatimizga olib kirilgan.
Joriy yilda ham xorijdan elektromobillar olib kelinishi izchil davom ettirilmoqda. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistonga xorijdan 205 ta elektromobil import qilingan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 179 taga ko‘p. Birgina may oyida O‘zbekistonga 49 ta elektromobil olib kelindi. Xususan, 2021 yilning yanvar-may oylarida Xitoydan 166 ta, Turkiyadan 24 ta, Koreyadan 5 ta, AQSHdan 5 ta, Germaniyadan 3 ta, Litva hamda Ispaniyadan 1 tadan elektromobil olib kelingan.
Xo‘sh, elektromobillarning afzalligi va qulayliklari nimalardan iborat? Ta’kidlash joizki, elektromobillarning dvigateli atrof-muhitga zararli gazlarni chiqarmasligi hisobiga atrof-muhit ifloslanishi kamayishiga olib keladi. Elektromobil dvigateli elektr energiyasidan (muqobil energiyalar hisobiga) quvvat olishi sababli an’anaviy yonilg‘i sarfini kamaytiradi.
Shuningdek, ma’lumotlarga ko‘ra, elektromobillar bilan to‘qnashuv sodir etilganda to‘qnashuv sensori tomonidan batareyalar o‘chirilishi natijasida elektromobil avtomatik tarzda to‘xtash imkoniga ega. Ehtiyot qismlari soni kamroq bo‘lgani elektromobilning ishonchliligini oshiradi va natijada ta’mirlash hamda texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari ham kamayadi. Qolaversa, batareyalar standart elektr tarmog‘idan quvvat olish imkoniyatining mavjudligi xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi. Avtomashina o‘t oldirilgan hamda harakatlanayotgan vaqtda kamroq shovqin chiqadi. Elektr dvigatelning elektromagnit tormoz rejimida bo‘lishi favqulodda tormozlanish imkoniyatini beradi.
Bir so‘z bilan aytganda, har tomonlama qulay va kamxarj bo‘lgan elektromobillar hayotimizga kirib kelayotgani quvonarli hol. Yurtimizga import qilinayotgan mazkur vositalar soni yildan-yilga ortayotgani, o‘z navbatida, atrof-muhit tozaligi, ekologiya musaffoligiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA