O‘zbekistondan Suriyaga 2 million dollarlik maishiy texnika eksport qilinadi
“Premier Electronics” Suriyaning “Kalash Trading Company” korxonasi bilan 2 million dollarlik eksport shartnomasini imzolab, ushbu davlatga maishiy texnika mahsulotlari yetkazib beradi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ko‘magida Suriyaning yirik distribyutori hisoblangan “Kalash Trading Company LTD” delegatsiyasi bilan muvaffaqiyatli muzokara o‘tkazdi. Tashrif doirasida arab ishbilarmonlari korxonaning zamonaviy fabrikalarida bo‘lib, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, televizor va sovutgich ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Uchrashuv yakunida yirik eksport shartnomasi imzolandi. Mazkur kelishuvga muvofiq, mahalliy maishiy texnika mahsulotlari tez orada Suriya bozoriga yetib boradi. Mazkur tashabbus tufayli yurtimiz mahsulotlari Yaqin Sharq mintaqasiga keng ko‘lamda kirib boradi, “Made in Uzbekistan” brendining xalqaro maydondagi nufuzi yangi bosqichga ko‘tariladi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA