O‘zbekistonda xalqaro tan olingan akkreditatsiya xizmatlari 14 taga yetishi mumkin
Milliy matbuot markazida Butunjahon akkreditatsiya kuni munosabati bilan «O‘zbekiston akkreditatsiya markazi» davlat muassasasi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda «O‘zbekiston akkreditatsiya markazi» davlat muassasasi direktorining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Ochilov, sifat bo‘yicha bosh menejer Botir G‘afurov, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Joriy yilda Butunjahon akkreditatsiya kuni «Innovatsiyalar, ishonch va barqarorlik: akkreditatsiyaning qudrati» shiori ostida nishonlanmoqda. Ushbu mavzu akkreditatsiya va muvofiqlikni baholash tizimlarining innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, iste’molchilar ishonchini mustahkamlash hamda barqaror rivojlanishni ta’minlashdagi muhim ahamiyatini namoyon etmoqda.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, bugungi kunda akkreditatsiya tizimi mahsulot va xizmatlarning xavfsizligi, sifati hamda xalqaro talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi muhim mexanizm hisoblanadi. Shuningdek, u tadbirkorlik sub’ektlarining tashqi bozorlarga chiqishi, raqobatbardoshligini oshirishi va iste’molchilar ishonchini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
Markaz tomonidan sohani raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
ISO/IEC 17011 xalqaro standarti talablariga qat’iy rioya qilish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va xalqaro tan olish kelishuvlarida faol ishtirok etish orqali milliy akkreditatsiya tizimiga bo‘lgan ishonch mustahkamlanmoqda.
Tadbirda ma’lum qilinganidek, 2026-yil may oyida «O‘zbekiston akkreditatsiya markazi»da Osiyo — Tinch okeani mintaqasi akkreditatsiya hamkorligining Ko‘p tomonlama tan olish kelishuvi (APAC MRA) doirasida paritet baholash jarayonlari o‘tkazildi. Unda 12 davlatdan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar Markaz faoliyatini ISO/IEC 17011 xalqaro standarti talablari asosida baholadi.
Bugungi kunda «O‘zbekiston akkreditatsiya markazi» davlat muassasasi tomonidan 10 ta yo‘nalish bo‘yicha akkreditatsiya xizmatlari xalqaro e’tirofga ega. Navbatdagi baholash jarayonida yana to‘rtta muhim yo‘nalish — inspeksiya organlari (ISO/IEC 17020), tibbiyot laboratoriyalari (ISO 15189), standart namunalar ishlab chiqaruvchilari (ISO 17034) hamda malaka sinovlari dasturlari provayderlari (ISO/IEC 17043) bo‘yicha xizmatlar xalqaro ekspertlar tomonidan baholandi.
— Ayni paytda Markazning 10 ta yo‘nalishdagi akkreditatsiya xizmatlari xalqaro miqyosda tan olingan. Navbatdagi baholash natijalari ijobiy bo‘lgan taqdirda, bu ko‘rsatkich 14 taga yetishi kutilmoqda, — dedi «O‘zbekiston akkreditatsiya markazi» davlat muassasasi direktorining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Ochilov.
Uning ta’kidlashicha, mazkur yo‘nalishlarning xalqaro e’tirofga ega bo‘lishi mamlakatimizda inspeksiya, tibbiyot va metrologiya sohalari rivojiga, shuningdek eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Global sifat infratuzilmasi indeksi (GQII)ning 2025-yil natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 185 davlat orasida 52-o‘rinni egallab, avvalgi reytingga nisbatan 15 pog‘ona yuqorilagani qayd etildi. «Akkreditatsiya» yo‘nalishi bo‘yicha esa mamlakatimiz 29-o‘rinni qayd etgan.
Bugungi kunda milliy akkreditatsiya tizimi doirasida 450 ta muvofiqlikni baholash organi akkreditatsiyadan o‘tgan. Ular orasida 281 ta sinov laboratoriyasi, 24 ta kalibrlash laboratoriyasi, 94 ta sertifikatlashtirish organi, 31 ta menejment tizimlarini sertifikatlashtirish organi, 9 ta inspeksiya organi, 3 ta tibbiyot laboratoriyasi, 2 ta standart namuna ishlab chiqaruvchi va 5 ta malaka sinovlari provayderi faoliyat yuritmoqda.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, akkreditatsiya tizimining xalqaro tan olinish doirasi kengayishi eksport qiluvchi korxonalar uchun yangi imkoniyatlar yaratib, tashqi savdodagi texnik to‘siqlarni kamaytirish va milliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA