O‘zbekistonda soliqlarning ixtiyoriy to‘lov darajasi 88 foizga yetdi
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2026-yilda O‘zbekistonda soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida va ixtiyoriy bajarish darajasi e’tiborli ko‘rsatkichlarga erishdi. Yanvar-mart oylarida respublika bo‘yicha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan soliqlarning ixtiyoriy to‘lanish darajasi 88 foizni tashkil qildi. Bu mamlakatimizda raqamlashtirish va soliq nazorati mexanizmlari samarali amal qilishi, shuningdek, soliq to‘lovchilarning mas’uliyatli yondashuvi bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.
Soliq tizimidagi faol raqamlashtirish, elektron hisoblar, SMS va onlayn xizmatlar orqali ma’lumot berish mexanizmlari fuqarolarning soliq majburiyatlariga e’tiborli bo‘lishini ta’minlamoqda. Shuningdek, 2025-yil davomida “Soliq Hamkor” tizimi orqali soliq qonunchiligi buzilishlarini xabar qilgan fuqarolarga mablag‘ mukofotlari to‘langan, joriy soliq nazorati tizimining ochiqligi va jamoatchilik faolligi oshgan. Masalan, 2026-yilning yanvar oyida soliq organlarining majburiyatlarni bajarish bo‘yicha yagona ma’lumotlar tizimi orqali fuqarolarga umumiy 3 milliard so‘m mukofot to‘langan. Bu tizim orqali qabul qilingan 12 486 ta arizaning 99 foizida soliq qonunlarining buzilishi to‘g‘risidagi holatlar tasdiqlan.
Soliq turlari bo‘yicha bajarilish darajasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, yer qaridan foydalanganlik uchun soliq 100 foizni, foyda solig‘i 98 foizni, JSHODS (jismoniy shaxslardan olinadigan soliq) 96 foizni, QQS (qo‘shilgan qiymat solig‘i) 91 foizni, mol-mulk solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq 88 foizni tashkil etgan. Shuningdek, aksiz solig‘i va yer solig‘i 86 foizni, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq 62 foizni tashkil etgan.
Yuqori ko‘rsatkichlar soliqlarning turlari bo‘yicha soliq to‘lovchilarning mas’uliyat bilan to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirayotganidan dalolat beradi.
Soliq majburiyatlarining o‘z vaqtida va ixtiyoriy bajarilishi nafaqat davlat byudjetini mustahkamlashga xizmat qiladi, balki iqtisodiy barqarorlik uchun muhim omil hisoblanadi. Qolaversa, ko‘pchilik korxonalar va fuqarolar uchun soliq hisobotlarini elektron tarzda topshirish imkoniyati soliq nazoratini osonlashtirgan.
Bundan tashqari, soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish maqsadida davlat tomonidan joriy etilgan mukofot tizimlari va raqamli platformalar soliq to‘lovchilarni faol ishtirok etishga undaydi. Bular 2025-yilda ham keng qo‘llanilgan va soliq hisobotlari hamda to‘lovlar sonining o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA