O‘zbekistonda sel-toshqinlar 2,8 barobar ko‘paydi: uning oldini olish choralari qanday? (+video)
O‘zbekistonda sel-toshqinlar 2,8 barobar ko‘paydi. Iqlim o‘zgarishi aholi xavfsizligi va infratuzilmaga qanday xavf soladi? Mahalliy va xorijiy vakillar, soha mutaxassislari, olimlar hamda ekspertlar ishtirokida ushbu muammolarning oldini olish choralari muhokama qilindi.
Konferensiyani ochib bergan Fuqaro muhofazasi instituti boshlig‘i, polkovnik Xurshid Alibayev iqlim o‘zgarishi aholi xavfsizligi, infratuzilma barqarorligi, suv va oziq-ovqat resurslari hamda energetika sohasiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
Tadbirda favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishdan ko‘ra, ularning oldini olish va xavflarni oldindan boshqarishga ustuvor ahamiyat berish zarurligi qayd etildi. Buning uchun xavflarni monitoring qilish, prognozlash, aholini erta ogohlantirish va tezkor harakatlanish tizimlarini takomillashtirish muhim o‘rin tutmoqda.
Konferensiyada shuningdek, O‘zbekistonda sel-toshqin hodisalarining dinamikasi ham muhokama qilindi. Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti vakili Irina Dergachyova taqdim etgan tadqiqotga ko‘ra, 1995–2014-yillarda mamlakatimizda yiliga o‘rtacha 32,6 ta sel-toshqin hodisasi qayd etilgan bo‘lsa, 2015–2025-yillarda bu ko‘rsatkich 91,2 taga yetgan. Bu qayd etilgan hodisalarning o‘rtacha yillik soni qariyb 2,8 barobar oshganini ko‘rsatadi. Biroq, bu o‘sishni tabiiy ofatlar takrorlanishining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatkichi sifatida talqin qilishda kuzatuvlar to‘liqligini ham hisobga olish lozim.
Fuqaro muhofazasi instituti dotsenti Nodirjon Jumayev esa sel xavfi yuzaga kelganda tezkor xizmatlar harakatini vaqt ko‘rsatkichlari asosida modellashtirish bo‘yicha tadqiqotini taqdim etdi. Unda aholini ogohlantirish, qutqaruv kuchlarini safarbar etish va evakuatsiya jarayonlarini tezlashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Hisob-kitoblarda muayyan ssenariy asosida 6 ming kishini evakuatsiya qilish taxminan 6 soat davom etishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, konferensiyada sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlari, geoaxborot tizimlari va avtomatlashtirilgan monitoringdan foydalanish, xavf xaritalarini ishlab chiqish, aholi punktlari va muhim infratuzilmani muhofaza qilish masalalari muhokama qilindi. Markaziy Osiyodagi transchegaraviy tabiiy xavflarni kamaytirish maqsadida davlatlar o‘rtasida tezkor axborot almashinuvi, qo‘shma monitoring, ilmiy hamkorlik va xalqaro o‘quv mashg‘ulotlarini rivojlantirish zarurligi ham ta’kidlandi.
Konferensiya doirasida bolalar va yoshlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini oshirish, evakuatsiya qoidalari va xavfsizlik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Tadbir yakunida ilmiy materiallar to‘plamini nashr etish rejalashtirilgani qayd etildi.
Ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Batafsil
Mohichehra Eshmirzayeva,
Doniyor Yakubov,
Salim Obidjonov,
O‘zA