O‘zbekistonda real samarali almashuv kursi indeksi oshdi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan 2024 yil uchun nominal (NEER) va real samarali almashuv kursi (REER) indekslari hisoblab chiqildi.
2024 yilda O‘zbekiston uchun NEER va REER indekslarini hisoblashda mamlakatimizning umumiy tashqi savdo aylanmasida 80 foizdan ortiq ulushga ega bo‘lgan 20 ta davlat savdo hamkorlari sifatida tanlab olindi. Bazaviy davr sifatida esa 2019 yilning yanvar oyi qabul qilindi.
2024 yilda real samarali almashuv kursi indeksi o‘sish qayd etdi. Xususan, dekabr oyida REER indeksi 2023 yilning mos davriga nisbatan 4,8 bandga ko‘tarilib, 106,6dan 111,4ga yetdi. Bunda so‘mning AQSH dollariga nisbatan almashuv kursi o‘zgarishi 3,3 bandga, inflyatsiya ta’siri esa 1,5 bandga teng bo‘ldi.
O‘tgan yilning dastlabki to‘qqiz oyida REER indeksi 104,1 va 105,7 oralig‘ida shakllangan bo‘lsa, IV chorak yakuniga kelib, III chorak yakunidagiga nisbatan 6,6 bandga oshdi. Shuningdek, nominal samarali almashuv kursi indeksi ham 4,1 bandga o‘sib, 90 dan 94,1ga yetdi. Iqtisodiyotda real samarali almashuv kursining oshishi, boshqa omillar o‘zgarmas deb hisoblaganda, eksport narxlarining qimmatlashishi va import narxlarining arzonlashishiga olib kelishi mumkin.
Ushbu ko‘rsatkichning o‘sishiga ta’sir qilgan muhim omillardan biri asosiy savdo hamkor davlatlar milliy valyutalarining AQSH dollariga nisbatan qadrsizlanish sur’ati bo‘ldi. Jumladan, so‘mning qadrsizlanishi asosiy savdo hamkor davlatlar valyutalariga nisbatan past bo‘ldi.
2024 yil yanvar-dekabr oylarida so‘mning o‘rtacha oylik almashuv kursi AQSH dollariga nisbatan 3,8 foizga qadrsizlangan. Ushbu davrda Rossiya rubli 16,8 foizga, Qozog‘iston tengesi 15,5 foizdan ko‘proqqa, turk lirasi esa 16,6 foizga qadrsizlandi.
Bu esa REER indeksining 3,3 bandga o‘sishiga ta’sir etdi. O‘zbekistondagi narxlar dinamikasi va asosiy savdo hamkorlaridagi makroiqtisodiy tendensiyalar o‘rtasidagi farq ham REER indeksining o‘sishiga sabab bo‘ldi.
Jumladan, 2024 yilda mamlakatimizda inflyatsiya darajasi 9,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich Rossiyada 9,5 foizga, Qozog‘istonda 8,6 foizga, Xitoyda esa 0,2 foizga teng bo‘ldi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA