O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 5,1 million so‘mdan oshdi
Prezident huzuridagi Statistika agentligi hisobotida ma’lum qilinishicha, yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekistonda inflyatsiyani hisobga olmaganda o‘rtacha nominal hisoblangan ish haqi yillik ko‘rsatkichda (2023 yilning yanvar-sentyabriga nisbatan) 16,4 foizga — 4,42 million so‘mdan 5,15 million so‘mga o‘sdi.
O‘sish avvalgi yillarga nisbatan sekinlashdi. Taqqoslash uchun: o‘tgan yilning to‘qqiz oyida nominal ish haqi (2022 yilning yanvar-sentyabr oylariga nisbatan) 18,5 foizga oshgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilning ushbu davrida 25,4 foizni tashkil etgan edi.
Bu davrda inflyatsiya 10,46 foizni tashkil etdi.
Nominal hisoblangan ish haqi yuridik shaxslarning (qishloq xo‘jaligi korxonalari va kichik biznes sub’ektlari bundan mustasno) ma’lumotlari asosida hisoblanadi. O‘rtacha ish haqini aniqlash uchun mehnat daftarchalari bo‘lgan ishchilarning daromadlari, shuningdek, shaxsiy daromad solig‘i va kasaba uyushma jamg‘armasiga badallar to‘langan holda ularga beriladigan nafaqalar, ish haqi, rag‘batlantirish va kompensatsiya to‘lovlari hisobga olinadi.
Hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha nominal ish haqi Toshkent shahrida saqlanib qoldi, u yillik ko‘rsatkichda 20,1 foizga (2023 yil yanvar-sentyabridagi 20,2 foizga nisbatan) — 7,19 million so‘mdan 8,68 million so‘mgacha o‘sdi. Keyingi o‘rinlarda Navoiy viloyati — 5,7 milliondan 6,6 million so‘mga, Toshkent viloyati — 4,4 milliondan 4,95 million so‘mga, Andijon — 3,85 milliondan 4,46 million so‘mga va Buxoro viloyatida — 3,78 milliondan 4,2 million so‘mgacha, Qashqadaryo viloyati oxirgi o‘rinda — 3,2 milliondan 3,63 million so‘mgacha o‘sdi. Ish haqining o‘sish sur’ati o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan faqat Sirdaryo viloyatida yuqori bo‘ldi — 3,53 million so‘mgacha o‘sdi.
Poytaxt va hududlar o‘rtasidagi ish haqi farqi kengayishda davom etmoqda. Xususan, eng yuqori (Toshkent) va eng past (Qashqadaryo) ish haqi o‘rtasidagi farq 2,24 barobardan 2,39 barobarga oshdi. 2023 yil yakuniga ko‘ra bu ko‘rsatkich 2,25 barobar, 2022 yilda — 2,18 barobar, 2021 yilda — 2,06 barobar, 2020 yilda esa 1,97 barobarni tashkil qilgan.
Faoliyat turlari bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha ish haqi bank, moliya va sug‘urta sohalarida saqlanib qolmoqda. Garchi o‘sish sur’ati pasaygan bo‘lsa-da, (30,2 foizdan 13,1 foizga) ular bir yil davomida 12,8 million so‘mdan 14,49 million so‘mgacha o‘sdi. Axborot va kommunikatsiyalar sohasi 23,7 foizga — 10,3 million so‘mdan 12,8 million so‘mga, tashish va saqlash sohasi — 8,07 million so‘mga, sanoat — 6,29 million so‘mga oshdi.
Savdo ish haqi bo‘yicha qurilish sektorini ortda qoldirdi — 6,04 million (+25%) 5,7 million so‘m (+10,7%).
Eng past o‘rtacha oylik ish haqi hamon sog‘liqni saqlash sohasida — 2,92 million so‘mdan 3,3 million so‘mgacha (o‘tgan yilgi 16,4 foizga nisbatan 12,9 foizga o‘sish) va ta’lim sohasida — 3,05 million so‘mdan 3,48 million so‘mgacha (17 foizga nisbatan +14,3 foiz) saqlanib qolmoqda. O‘qituvchilar va shifokorlar ish haqining o‘sish sur’ati ham biroz sekinlashdi, shu sababli bu sohalarda ish haqi va respublika darajasi o‘rtasidagi tafovut ortdi.
Xususan, agar 2022 yilning yanvar-sentyabr oylarida ta’lim sohasida ish haqi respublika darajasidan 30,3 foiz punktga past bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilning to‘qqiz oyi yakuni bo‘yicha bu farq 32,4 foiz punktga oshdi. Sog‘liqni saqlash sohasida esa 32,7 dan 35,9 foiz punktgacha o‘sdi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA