O‘zbekistonda nechta masjid bor?
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati rahbari Ilhom Ma’rupov sohada amalga oshirilgan ishlar xususida ma’lumotlarni taqdim etdi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda respublika bo‘yicha 2 ming 131 ta masjid faoliyat yuritmoqda, o‘tgan 2023 yilda 13 ta yangi masjid davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, 82 ta masjidda tubdan qayta qurish hamda 43 ta masjidda ta’mirlash ishlari yakunlangan.

Ayni paytda O‘zbekistonda 197 ta noislomiy diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda. 2023 yilda Angren shahrida katolik cherkovi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Konfessiyalar vakillarining 50 dan ortiq respublika va xalqaro tadbirlarda ishtiroki ta’minlandi. Shuningdek, ularga 14 ta diniy bayramlarini o‘tkazishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yil davomida Haj mavsumi va Umra ziyorati yuqori saviyada tashkil etilgan. Xususan, 15 ming 150 nafar ziyoratchi Haj amalini, 43 mingdan ortiq ziyoratchi Umra amalini ado etgan. Buyuk allomalar boy ilmiy merosini keng targ‘ib qilish va ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida 24 ta albom-prospekt, kitob, risola, broshyura va flayerlar chop etilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA