O‘zbekistonda multimodal logistika terminali quriladi
WAM axborot agentligi, “Al-Khaleej”, “Emarat Al-youm”, “Al-bayan.ae” kabi yetakchi nashrlar bosh qarorgohi Birlashgan Arab Amirliklari Dubay shahrida joylashgan “DP World” xalqaro logistika kompaniyasi poytaxtimiz hokimligi huzuridagi “Toshkent invest” sho‘’basi bilan qo‘shma korxona tuzganini yoritdi.
– Ushbu hamkorlik O‘zbekistonning logistika infratuzilmasini rivojlantirish, respublikani mintaqaviy savdo markaziga aylantirish yo‘lidagi muhim qadamdir, – deyilgan maqolada. – Yangi Hayot tumanidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat hududida joylashgan yangi terminal Markaziy Osiyo miqyosida bog‘lanish, samaradorlik va biznes yuritish uchun qulaylik yaratadi, mamlakat iqtisodiyoti diversifikatsiyasi, sanoat rivojini qo‘llab-quvvatlaydi.
Shartnomaga ko‘ra, “Toshkent invest” qo‘shma korxonaga 15, “DP World” 85 foiz hissa qo‘shadi. Uch bosqichdan iborat mazkur loyihaga jami 288 million dollar yo‘naltirildi. Tashabbus doirasida taxminan 82 gektar maydonni egallaydigan xalqaro transport-logistika xabi yaratiladi.
Toshkent multimodal logistika terminali tarkibida konteynerdagi va pardali yuk uchun temir yo‘ldan kirish imkoniga ega quruq port, bojxona rasmiylashtiruvi hududi, avtotransport vositalari uchun joy, yuk mashinalari to‘xtaydigan alohida maydon, zamonaviy omborlar, saqlash muddatini qisqartirish hisobiga tovar yetkazib berish zanjiri orqali harakatlanishni tezlashtirishga mo‘ljallangan maxsus tarqatish markazlari barpo etiladi.
Dastlabki bosqichda temir yo‘l vokzali, 2026 yil oxiri-2027 yil boshigacha 63 000 kvadrat metrlik ombor majmuasi quriladi. Keyinchalik qo‘shimcha yer maydoni ajratilib, ombor hududi 163 ming kvadrat metrga yetkaziladi. Terminal maxsus yuk tashish temir yo‘l bekati bilan ta’minlanadi. Bu yukni qayta ishlash va yetkazib berish jarayonini tezlashtiradi, logistika xarajatini kamaytiradi. Transport kesishmasi milliy temir yo‘l tarmog‘i, yirik avtomobil yo‘llari va Toshkent xalqaro aeroportiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniga ega bo‘lib, avtomobil, temir yo‘l va havo transportida samarali multimodal yuk tashish imkonini beradi.
Loyiha maxsus sanoat zonasida joylashganligi bois logistika, ishlab chiqarish va eksportni qayta ishlash amaliyoti integratsiyasiga yordam beruvchi bojxona va soliq imtiyoziga ega bo‘ladi.
– Ushbu hamkorlikdagi loyiha O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi yirik logistika va savdo markaziga aylanish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligimizni tasdiqlaydi, – dedi “DP World” kompaniyasi raisi va bosh ijrochi direktori Sulton Ahmad bin Sulayyim. – Toshkent multimodal logistika markazi mintaqani jahon andozasi darajasidagi infratuzilma bilan ta’minlaydi, biznesning turli yo‘nalishlarida intellektual ta’minot va logistika imkoniyatini qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘z navbatida, Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov mazkur kelishuv transport-logistika xabi taraqqiyotining boshlanishi, poytaxt ishlab chiqarish va eksport salohiyatini sezilarli darajada oshirishini ta’kidladi.
Umuman, logistika va portlarni boshqarish bo‘yicha jahon miqyosida tan olingan tajribaga ega “DP World” bilan hamkorlik mamlakatimiz iqtisodiyotiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yirik investorlarni jalb qilish imkonini beradi. Jahon darajasidagi infratuzilmaga ega Toshkent mahalliy va xalqaro kompaniyalar ehtiyojini qondirish uchun yanada kuchli salohiyatini namoyon etadi. “DP World” tarmog‘i bo‘ylab yuk harakati osonlashtirilishi tufayli Toshkent terminali Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa o‘rtasidagi muhim bo‘g‘inga aylanadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA