O‘zbekistonda kibersport rivojlanmoqda
Yurtimizda sportni rivojlantirish, musobaqalar o‘tkazish va uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, investitsiyalar kiritish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu, ko‘plab kompleks musobaqalar dasturiga kiritilayotgan kibersport rivojini mamlakatimizda yangi bosqichga olib chiqish va O‘zbekistonda nufuzli musobaqalarni o‘tkazish uchun keng imkoniyatlar taqdim etishi bilan ahamiyatlidir.
Milliy olimpiya qo‘mitasi va PUBG MOBILE asoschisi — “Tencent” kompaniyasi hamkorligida mazkur tizimni rivojlantirish, musobaqalar tashkil etish, infratuzilmani kuchaytirish maqsadida 4 million AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritish nazarda tutilmoqda.

Aytish lozim, joriy yilning 10–13 aprel kunlari poytaxtimizdagi “Renaissance Hall” maydonida PUBG MOBILE bo‘yicha xalqaro turnir bo‘lib o‘tadi.
Unda 15 davlatning ming nafardan ortiq ishtirokchisi umumiy mukofot jamg‘armasi 500 ming AQSH dollaridan iborat turnirda bahs olib borishadi.
Kuni kecha Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov va MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov turnirning tashkiliy jihatlari masalasida O‘zbekiston kibersport assotsiatsiyasi vakillari bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida nafaqat yurtimizda, balki Markaziy Osiyo hududida PUBG MOBILE olamidagi eng yirik turnir sifatida ko‘rilayotgan tadbirning texnik jihatlari muhokama qilindi.
Milliy olimpiya qo‘mitasining kibersport yo‘nalishidagi faoliyatini kuchaytirish va unga sarmoya jalb qilish strategiyasi yo‘lida muhim qadam bo‘lgan tadbir davomida musobaqa homiylari tomonidan g‘oliblar uchun pul mukofotlaridan tashqari, avtomobillar ham taqdim qilinishi rejalashtirilmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA