O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 34 ta tijorat bankining jami aktivlari 962,8 trillion so‘mni tashkil etdi
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, 2026-yil 1-may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 34 ta tijorat bankining jami aktivlari 962,8 trillion so‘mni tashkil etdi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, aktivlari 30 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan 12 ta yirik bank hissasiga tizimdagi umumiy aktivlarning qariyb 80 foizi — 767,6 trillion so‘m to‘g‘ri kelmoqda.
Bu holat bank tizimida moliyaviy resurslarning yuqori darajada konsentratsiyalashganini anglatadi. Ya’ni, iqtisodiyotdagi asosiy pul oqimlari va moliyaviy imkoniyatlar yirik banklar qo‘lida jamlangan.
Bank tizimidagi jami kredit portfeli 629,0 trillion so‘mni tashkil etdi. Uning 521,5 trillion so‘mi yoki 83 foizi yirik banklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, uzoq muddatli kreditlar ulushi yuqori ekani iqtisodiyotda investitsion loyihalar faol qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatadi. Jami 552,8 trillion so‘mlik uzoq muddatli kreditlarning 459,6 trillion so‘mi yirik banklar tomonidan ajratilgan.
Bu ko‘rsatkich yirik banklar faqat kredit beruvchi emas, balki sanoat, infratuzilma va strategik loyihalarni moliyalashtirishda asosiy moliyaviy tayanch vazifasini bajarayotganini tasdiqlaydi. Bank tizimining jami kapitali 144,0 trillion so‘mni tashkil etdi. Uning 111,0 trillion so‘mi aktivlari 30 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan banklar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Kapital monandligi ko‘rsatkichi 18,4 foiz darajasida shakllangan bo‘lib, bu amaldagi prudensial talablardan yuqori hisoblanadi. Demak, bank tizimi tashqi va ichki moliyaviy shoklarga nisbatan barqaror pozitsiyani saqlab qolmoqda. 2026-yil 1-may holatiga bank tizimining sof foydasi 6,9 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu banklar faoliyatining barqaror va samarali ekanidan dalolat beradi.
Depozitlar hajmi ham o‘sish tendensiyasini namoyon etmoqda, aholi omonatlari — 170,2 trillion so‘mni, yuridik shaxslar depozitlari — 274,2 trillion so‘mni tashkil etadi. Bu esa aholi va biznesning bank tizimiga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, depozitlarning asosiy qismi yirik banklarda jamlangani moliyaviy resurslar taqsimotidagi nomutanosiblikni ham anglatadi.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston bank tizimida aktivlar, kreditlar va depozitlarning katta qismi yirik banklar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu bir tomondan tizim barqarorligini ta’minlasa, ikkinchi tomondan moliyaviy resurslar konsentratsiyasining yuqoriligini anglatadi.
Shu bilan birga, o‘rta va kichik banklarning bozordagi ulushi bosqichma-bosqich kengayib borayotgani moliyaviy raqobatni kuchaytirish, xizmatlar sifatini oshirish va aholi hamda biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA