O‘zbekistonda cho‘llanishga qarshi Xitoy tajribasi o‘rganilyapti (+video)
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi tomonidan Xitoyning O‘rmon va dasht xo‘jaligi boshqarmasi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida “Xitoyning Ichki Mo‘g‘uliston hududida ekologik himoya to‘sig‘ini barpo etish bo‘yicha ilg‘or tajribalar” mavzusida ko‘rgazmali taqdimot o‘tkazdi.
Cho‘llanish - bu dunyo miqyosidagi global muammolardan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda ham cho‘llanishga qarshi chora-tadbirlar olib borilmoqda va bu masala davlatimizning doimiy e’tibori markazida.
Tadbirda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi rahbariyati va mas’ullari, Ichki Mo‘g‘uliston avtonom tumani partiya qo‘mitasi kotibi o‘rinbosari Shi Guanhuyey, soha mutaxassislari ishtirok etdi. Unda tomonlar cho‘llanishning oldini olish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash, hududlarda yashillik darajasini oshirish hamda yangi o‘rmonlar barpo etish va qayta tiklash borasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, tadbir davomida Xitoyning Ichki Mo‘g‘uliston hududida cho‘llanishga qarshi kurashish borasida erishilgan natijalarni aks ettiruvchi ko‘rgazmalar tashkil etildi. Unda qum ko‘chishi va cho‘llanishga qarshi kurashish, sho‘rlangan yerlarni melioratsiya qilish, suvni tejaydigan qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va ekologik qayta tiklash kabi yo‘nalishlarda Xitoy tajribasi namoyish etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad tajriba almashish va texnologik hamkorlik orqali cho‘llanishga qarshi birgalikda kurashish hamda mintaqaviy ekologik amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishdir.

Ko‘rgazmada “Yashil Ipak yo‘li: qumli cho‘llarning qayta tiklanishi” nomli hujjatli film namoyish etildi. Unda Ichki Mo‘g‘ulistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ekologik barqarorlikni ta’minlash ishlari va “Uch Shimol” davlat loyihasining islohotlari batafsil yoritildi.
Ushbu ko‘rgazmali taqdimot doirasida tomonlar cho‘llanishning oldini olish, degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda soha mutaxassislarining o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Xitoyning Inchuan shahrida “Cho‘llanishga qarshi kurashish yo‘nalishida Xitoy - Markaziy Osiyo hamkorligi” xalqaro konferensiyasi doirasida O‘rmon agentligi delegatsiyasi xitoylik hamkorlar bilan cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha 2 ta muhim kelishuv bitimlarini imzolagan edi. Navbatdagi kelishuv cho‘l hududida bir qator loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi va bu eksperiment muvaffaqiyatli o‘tsa, loyiha qamrovi yanada kengayadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/S3pcpmHwRLw" title="O‘zbekistonda cho‘llanishga qarshi Xitoy tajribasi o‘rganilyapti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov (video), O‘zA