Oʻzbekistonda ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash: We-Finance Code doirasidagi yutuqlar
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish ustuvor yoʻnalishga aylandi. Bu jarayonda ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash alohida strategik ahamiyat kasb etmoqda. Ayollarning iqtisodiy faolligini oshirish ish oʻrinlari yaratish, hududlarni rivojlantirish va aholi farovonligini taʼminlashda muhim omil sifatida qaralmoqda.
Demografik va iqtisodiy asos
Bugungi kunda Oʻzbekiston aholisi 38 milliondan ortiq boʻlib, uning qariyb 49 foizini ayollar tashkil etadi. Mehnatga layoqatli ayollar soni 10 milliondan oshadi. Tahlillarga koʻra, ayollar va erkaklar oʻrtasida iqtisodiy faollik tenglashsa, milliy daromad 29 foizga oshishi mumkin. Bu esa gender tengligini taʼminlash nafaqat ijtimoiy, balki makroiqtisodiy ahamiyatga ham ega ekanini koʻrsatadi.
Institutsional va huquqiy islohotlar
2023–2030-yillarga moʻljallangan Milliy rivojlanish strategiyasida ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash alohida ustuvor yoʻnalish sifatida belgilangan. Soʻnggi yillarda 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish uchun mustahkam huquqiy baza yaratildi.
2025-yil 14-martdagi Prezident qarori bilan 250 ming nafar ayolni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, 1 000 mentor-tadbirkorga grant ajratish hamda homiladorlik taʼtilidagi ayollar uchun kredit toʻlov muddatini 10 oygacha uzaytirish kabi chora-tadbirlar belgilandi.
We-Finance Code tashabbusi
Oʻzbekiston ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash borasidagi saʼy-harakatlarni tizimlashtirish maqsadida We-Finance Code tashabbusiga qoʻshildi. Tashabbus doirasida Markaziy bank muvofiqlashtiruvi ostida Milliy Koalisiya tashkil etildi. Bugungi kunda koalisiya 19 ta aʼzoni birlashtiradi.
Asosiy yoʻnalishlar:
- gender kesimida maʼlumotlarni yigʻish va monitoring qilish;
- ayollar uchun moslashtirilgan moliyaviy mahsulotlarni ishlab chiqish;
- institutsional gender siyosatini joriy etish;
- moliyaviy va nomoliyaviy xizmatlarni kengaytirish.
Tijorat banklarining faol ishtiroki
We-Finance Code doirasida mamlakatning yetakchi tijorat banklari ayollar uchun moslashtirilgan moliyaviy mahsulotlar ishlab chiqish va amaliy qoʻllab-quvvatlash myexanizmlarini joriy etmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki (Oʻzmilliybank) tomonidan iqtisodiyot, bank ishi va turdosh yoʻnalishlarda tahsil olgan yosh xotin-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishga qaratilgan maxsus dasturlar amalga oshirilmoqda. Bu tashabbus moliyaviy qoʻllab-quvvatlash bilan bir qatorda maslahat va mentorlik elementlarini ham oʻz ichiga oladi. Xususan, 1788 nafar xotin-qizlar “Oliy taʼlim bitiruvchi” loyihasi asosida qamrab olindi.
Raqamli platforma va monitoring
We-Finance Code doirasida ayollar tadbirkorligiga oid koʻrsatkichlarni birlashtiruvchi maxsus maʼlumotlar platformasi (dashboard) ishga tushirildi. Unda kreditlar soni va hajmi, depozitlar, NPL darajasi, korxonalar soni kabi koʻrsatkichlar gender kesimida taqdim etiladi. Bu esa dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish imkonini yaratadi.
Moliyalashtirish va mahsulotlar
Milliy Koalisiya aʼzolari tomonidan 2025-yil yakuniga qadar ayol tadbirkorlarga 4,1 trillion soʻm miqdorida moliyalashtirish ajratildi. Maxsus kredit mahsulotlari – “Dilbar”, “Ayol Tadbirkor”, foizsiz va imtiyozli kreditlar, kichik garov talab qilmaydigan moliyalashtirish vositalari joriy etildi.
Shuningdek:
- 6 000 dan ortiq bank xodimlari gender sezgirligi boʻyicha oʻqitildi;
- 27 000 dan ortiq ayol tadbirkorlik koʻnikmalari boʻyicha treninglarda qatnashdi;
- 855 000 nafar ayol biznes gʻoyalarini amalga oshirish uchun moliyaviy qoʻllab-quvvatlandi.
Natijalar
2022-yilda 187 mingta ayollar boshqaruvidagi biznes subyekti mavjud boʻlgan boʻlsa, 2025-yilga kelib bu koʻrsatkich 225 mingdan oshdi. Ayollar biznesini moliyalashtirish hajmi 2020–2025-yillarda 4,9 trillion soʻmdan 22,7 trillion soʻmga yetdi.
Bu natijalar moliyaviy resurslar, institutsional qoʻllab-quvvatlash va raqamli transformatsiya uygʻunlashuvi ayollar tadbirkorligini rivojlantirishda samarali modelga aylanganini koʻrsatadi.
Oʻzbekistonda ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash davlat siyosatining ajralmas qismiga aylandi. We-Finance Code tashabbusi esa mavjud islohotlarni muvofiqlashtirish, shaffoflikni oshirish va natijadorlikni taʼminlashda muhim platforma boʻlib xizmat qilmoqda.
Kelgusida davlat, xususiy sektor va xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish orqali har bir ayolning oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi, muvaffaqiyatli biznes yuritishi va mamlakat taraqqiyotiga hissa qoʻshishi uchun yanada keng imkoniyatlar yaratiladi.
“Oʻzmilliybank” AJ
Matbuot xizmati