O‘zbekiston ziyorat turizmi Turkiyada faol targ‘ib etilmoqda
O‘zbekiston turizm sohasini rivojlantirish, ayniqsa ziyorat turizmini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish maqsadida amalga oshirilayotgan tashabbuslar nafaqat mamlakatning boy tarixiy va ma’naviy merosini dunyoga tanitish, balki iqtisodiy o‘sishga ham xizmat qilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Istanbul shahrida o‘tkazilgan “Umra plyus O‘zbekiston” loyihasining keng qamrovli taqdimoti muhim xalqaro voqeaga aylandi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, Turkiy davlatlar tashkiloti, O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulligi, Umra sayyohlik tashkilotlari assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.

Unda Turkiyaning yetakchi sayyohlik agentliklari, soha ekspertlari va hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etib, ikki mamlakat o‘rtasida turizm aloqalarini mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.
“Umra plyus O‘zbekiston” loyihasi Umra ziyoratini amalga oshirayotgan sayyohlarga O‘zbekistonning muqaddas maskanlari, tarixiy obidalari va zamonaviy infratuzilmasi bilan yaqindan tanishish imkoniyatini yaratmoqda.
Bu loyiha diniy turizmni madaniy va ma’rifiy yo‘nalishlar bilan uyg‘unlashtiradi. Natijada sayyohlar faqat ziyorat bilan cheklanib qolmay, Samarqand, Buxoro va Toshkent kabi tarixiy shaharlarda joylashgan boy madaniy meros ob’ektlari bilan ham tanishadi.

Taqdimotda 50 dan ortiq turkiyalik yetakchi sayyohlik agentliklari vakillarining ishtiroki O‘zbekistonning turizm bozori uchun Turkiya muhim hamkor ekanini yana bir bor tasdiqladi. Ayniqsa, diniy turizm yo‘nalishida Turkiya orqali sayyohlar oqimini jalb etish strategik ahamiyatga ega.
Tadbir davomida O‘zbekistonning turizm salohiyati, boy tarixiy-madaniy merosi hamda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, infratuzilmani rivojlantirish, vizasiz rejimlarni kengaytirish, transport aloqalarini yaxshilash kabi omillar mamlakatga bo‘lgan qiziqishni oshirmoqda.
Taqdimot doirasida O‘zbekistonda yaqinda foydalanishga topshirilgan Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy majmuasi haqida videoroliklar namoyish etildi.

Ushbu majmualar mamlakatning boy ilmiy-ma’rifiy merosini aks ettiruvchi yirik maskanlar sifatida alohida e’tirof etildi.
Bu ob’ektlar nafaqat ziyoratchilar, balki ilmiy va madaniy turizmga qiziquvchi sayyohlar uchun ham muhim manzilga aylanmoqda. Natijada O‘zbekiston turizmi yanada diversifikatsiyalashib, turli auditoriyalarni qamrab olish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Istanbulda o‘tkazilgan mazkur taqdimot O‘zbekistonning ziyorat turizmi sohasidagi salohiyatini xalqaro maydonda namoyish etish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va innovatsion turizm mahsulotlarini ilgari surishda muhim qadam bo‘ldi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA