O‘zbekiston – Yevropa muosabatlari O‘zA nigohida
O‘zbekistonning Yevropa davlatlari bilan aloqalari siyosiy muloqotni faollashtirish, iqtisodiy sheriklikni kengaytirish va hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish orqali izchil rivojlanmoqda. Keyingi muloqot va kelishuvlar bu jarayonda amaliy natijalarga alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston – Ispaniya: hamkorlik aloqalari yanada rivojlanmoqda

Yaqinda Madrid shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov hamda Ispaniya tashqi ishlar, YeI va xalqaro hamkorlik vaziri Xose Manuel Albares o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, siyosiy muloqotni jadallashtirish va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish kabi jihatlar ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi, diplomatik pasport egalari uchun vizani bekor qilish to‘g‘risidagi bitim hamda diplomatik kadrlar tayyorlash bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Tomonlar ko‘p qirrali sheriklikni izchil davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladi.
O‘zbekiston – Ruminiya: biznes muloqotlar va natijalar

Buxarest shahrida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda sanoat, qishloq xo‘jaligi, IT va savdo sohalari vakillari qatnashib, o‘zaro hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Muloqotlarda Ruminiyaning xalqaro bozorlarga chiqishdagi o‘rni va O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, rumin tadbirkorlari Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif etildi. Uchrashuv doirasidagi sessiyalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishga zamin yaratdi.
Sirdaryo – Bekesh: hududlararo sheriklik imkoniyatlari kengaymoqda

O‘zbekiston delegatsiyasining Vengriyadagi Bekesh provinsiyasiga amalga oshirgan tashrifi doirasida mahalliy hokimiyat va ishbilarmon doiralar bilan muzokaralar o‘tkazildi. Qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan ushbu hudud bilan hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Sirdaryo viloyati va Bekesh o‘rtasida savdo-investitsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish, qayta ishlash, logistika va madaniy almashinuv sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Yakunda o‘zaro tashriflar, biznes-forumlar va hamkorlik hujjatlarini tayyorlashga kelishib olindi.
“Made in Uzbekistan” brendi xalqaro maydonda

Buyuk Britaniya poytaxtida o‘tgan “IFE London 2026” ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy paviloni namoyish etildi. Unda o‘nlab mahalliy kompaniyalar oziq-ovqat mahsulotlari va qayta ishlangan tovarlarini taqdim qildi.
Ko‘rgazma doirasida xorijiy xaridorlar va investorlar bilan B2B uchrashuvlar o‘tkazilib, mahsulotlar taqdimoti namoyish etildi. Mutaxassislar Britaniya bozoriga kirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi. Tadbir eksport imkoniyatlarini kengaytirish va yangi sheriklar topishga xizmat qilishi qayd etildi.
Italiyada Markaziy Osiyo salohiyati muhokama qilindi

Rim shahrida Markaziy Osiyoning geosiyosiy va iqtisodiy ahamiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda ekspertlar mintaqa Yevropa, xususan Italiya uchun ishonchli hamkor va strategik barqarorlik omiliga aylanib borayotganini ta’kidladi.
Yig‘in doirasida Markaziy Osiyoning jahon siyosati va logistika tizimidagi o‘rnini tahlil qiluvchi ilmiy asar taqdim etildi. Ekspertlar fikricha, mintaqadagi islohotlar va ochiqlik siyosati Yevropa sarmoyasi uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Dilshod Hakimov, O‘zA