O‘zbekiston yangi kun tartibini shakllantirmoqda: Xivada «Markaziy Osiyo – Germaniya» forumi o‘z ishini boshladi
Xiva shahrida «Markaziy Osiyo – Germaniya» birinchi ekspertlar forumining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Bu mintaqalararo muloqotni rivojlantirish va Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikning yangi arxitekturasini shakllantirishda muhim voqea bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan K.Adenauer va F.Ebert jamg‘armalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir ekspert doiralari, xalqaro tashkilotlar va yetakchi tahliliy markazlar vakillarini birlashtirib, hamkorlikni chuqurlashtirishga o‘zaro qiziqish yuqori ekanligini tasdiqladi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan SMTI direktori Eldor Aripov forumning tarixan nemis xalqi bilan bog‘liq bo‘lgan Xiva shahrida o‘tkazilishining ramziy ma’nosiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, XIX asrdayoq mintaqada nemis mennonitlari jamoasi shakllanib, Xorazm rivojiga, jumladan, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, hunarmandchilik, suratga olish va kino san’atini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan. «Ushbu tarixiy tajriba madaniyat va bilim birlashgan joyda rivojlanish muqarrar ravishda sodir bo‘lishini aniq ko‘rsatib turibdi», deya ta’kidladi u.

Zamonaviy kun tartibiga to‘xtalar ekan, E.Aripov «Markaziy Osiyo – Germaniya» formatining ishga tushirilishi mintaqada kechayotgan chuqur transformatsiya jarayonlarining mantiqiy ifodasi ekanini qayd etdi. SMTI direktorining fikricha, Markaziy Osiyo bugungi kunda global jarayonlar chekkasidagi avvalgi maqomini Yevroosiyoda jadal rivojlanayotgan iqtisodiy faollik va kooperatsiya markazi roliga ishonch bilan o‘zgartirmoqda.
E. Aripovning so‘zlariga ko‘ra, mintaqa mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti allaqachon 400 milliard dollardan oshgan, o‘rtacha yillik o‘sish sur’atlari esa qariyb 6 foizga yetmoqda. Bu ko‘rsatkich dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan sezilarli darajada yuqoridir. Bunday dinamika mintaqalararo aloqalarning sifat jihatidan mustahkamlanishi — o‘zaro savdo, investitsiyaviy faollikning o‘sishi va ishlab chiqarish kooperatsiyasining rivojlanishi tufayli yuzaga keldi. «Mintaqa iqtisodiyoti tobora muvofiqlashtirilgan mexanizm sifatida faoliyat yuritmoqda», — dedi institut direktori transchegaraviy klasterlar shakllanishi va yagona ishlab chiqarish zanjirlari rivojlantirilayotganini ta’kidlab.
O‘zbekistonlik ekspert Markaziy Osiyoning global logistikadagi ahamiyati ortib borayotganiga alohida e’tibor qaratdi. E. Aripov ta’kidlaganidek, dengiz kommunikatsiyalarining beqarorligi fonida Yevroosiyoning quruqlikdagi yo‘nalishlari yangi dolzarblik kasb etmoqda, mintaqa esa Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi barqaror transport aloqalarini ta’minlashda asosiy bo‘g‘inga aylanmoqda.
Uzoq muddatli o‘sish omillari haqida gapirar ekan, SMTI direktori mintaqaning demografik salohiyatini ham ta’kidladi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050-yilga borib Markaziy Osiyo aholisi 100 million kishiga yaqinlashadi, shu bilan birga mintaqa dunyodagi eng yosh hududlardan biri bo‘lib qolmoqda. «Bu shunchaki demografiya emas, balki texnologiya, ta’lim va innovatsiyalarga bo‘lgan talabni shakllantiruvchi kuchli rivojlanish manbaidir», — dedi u.
Nutqda O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi roliga alohida urg‘u berildi. Ta’kidlanganidek, aynan Prezident Shavkat Mirziyoyevning izchil va uzoqni ko‘zlagan siyosati tufayli Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi — ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va ochiqlik muhiti shakllandi. Bu mintaqaning teng huquqlilik, manfaatlar muvozanati va strategik qarashlarga asoslangan tashqi hamkorlar bilan o‘zaro munosabatlarning yanada yetuk modeliga o‘tishida asosiy omil bo‘ldi.
Shu nuqtai nazardan, Germaniya mintaqadagi asosiy sherik sifatida qaralmoqda. E. Aripov Berlin Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga nisbatan hozirgi siyosatini shakllantirishda muhim rol o‘ynaganini eslatib o‘tdi. «Bugungi kunda Germaniya mintaqadagi Yevropa ishtirokining me’morlaridan biridir», deb ta’kidladi u.
Ikki tomonlama munosabatlar haqida gapirganda, 2025-yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan, qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli esa 10 milliard dollardan oshgani qayd etildi. Mamlakatimizda Germaniya kapitali ishtirokidagi 200 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. «Germaniyadan yetkazib berilayotgan mahsulotlarning qariyb 55 foizi yuqori texnologiyali uskunalar va muhandislik yechimlaridan iborat bo‘lib, bu iqtisodiyotlarimizning bir-birini to‘ldirishini ko‘rsatadi», — dedi E.Aripov.
Kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida mashinasozlik, kimyo va elektrotexnika sanoati uchun ixtisoslashtirilgan sanoat zonalarini tashkil etish, muhim mineral resurslarni birgalikda o‘zlashtirish, inson kapitali va mehnat harakatchanligi, ekologiya va suv resurslari hamda raqamli iqtisodiyot sohalaridagi hamkorlikni tizimli rivojlantirish ko‘rsatib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida E.Aripov Xiva forumi muntazam ekspertlar muloqoti, professional aloqalarni mustahkamlash va yangi tashabbuslarni ishlab chiqish uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lishiga ishonch bildirdi. Ushbu forumning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatimizning strategik yechimlar ishlab chiqish va xalqaro ekspertlar hamkorligi uchun asosiy maydon sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.
O‘zA