O‘zbekiston – Xitoy: metallurgiya sohasida hamkorlik imkoniyatlari muhokamada
Metallurgiyada ishlab chiqarish hajmini oshirishning o‘zi yetarli emas. Bugun tarmoq oldida xomashyo bazasini kengaytirish, samarador texnologiyalarni joriy etish va zamonaviy sanoat infratuzilmasini shakllantirish kabi muhim vazifalar turibdi. Shu bois, yirik metallurgiya korxonalari uchun xalqaro texnologik hamkorlik yangi loyihalarni amalga oshirishda muhim omilga aylanmoqda.
Shu nuqtai nazardan, “O‘zmetkombinat” AJning xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslari korxonaning istiqboldagi rivojlanishida alohida ahamiyat kasb etadi. Ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turgan korxona boshqaruvi raisi Bahodir Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya “SINO STEEL Engineering & Research Incorporation Limited” kompaniyasi rahbariyati bilan istiqbolli sanoat loyihalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda jamiyat axborot xizmati xabar berdi.
Muloqot davomida “O‘zmetkombinat”ning ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan bir qator yo‘nalishlar muhokama qilindi. Xususan, metallurgiya jarayonlariga zamonaviy texnologiya va muhandislik yechimlarini joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mavjud quvvatlarni kengaytirish hamda yangi sanoat ob’ektlarini barpo etish masalalariga e’tibor qaratildi.

Muzokaralarning muhim yo‘nalishlaridan biri “O‘zmetkombinat” hududida yangi domna pechini qurish loyihasi bo‘ldi. Mazkur ob’ektning barpo etilishi korxonaning metall ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va kelgusidagi ehtiyojlarni ta’minlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Korxonaning uzoq muddatli rivojlanishida xomashyo ta’minoti masalasi ham muhim o‘rin tutadi. Shu bois, uchrashuvda “Tebinbuloq”, “Temirkon” va “Zakar-Chuyan” konlarining istiqbollari ham muhokama qilindi. Jumladan, mazkur hududlarda geologik tadqiqotlar o‘tkazish, burg‘ilash ishlarini tashkil etish va konlarni keyinchalik sanoat miqyosida o‘zlashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, muhokama qilingan loyihalarni chuqur o‘rganish va ularni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab oldi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA