O‘zbekiston xalqaro shaxmat hakamlari reytingida nechanchi o‘rinda?
Xalqaro shaxmat federatsiyasi Samarqandda o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi oldidan musobaqalarni boshqarib boradigan xalqaro toifadagi hakamlar masalasiga bag‘ishlangan FIDEning ikkinchi kengash yig‘ilishida xalqaro toifadagi arbitrlar bo‘yicha milliy federatsiyalar reytingini e’lon qildi.
Mazkur ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi 100 nafar xalqaro shaxmat hakamlariga ega bo‘lgan holda jahon reytingida 14-o‘rinni band etdi.
Aytish lozimki, bundan ikki yil muqaddam, ya’ni 2024-yil aprel oyida mamlakatimizda 39 nafar xalqaro toifadagi arbitr faoliyat ko‘rsatgan bo‘lib, o‘shanda O‘zbekiston FIDE ro‘yxatida 39-o‘rinda qayd etilgandi.

So‘nggi ikki yil davomida xalqaro toifadagi shaxmat arbitrlari sonini oshirish bo‘yicha O‘zbekiston eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichiga erishdi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda shaxmat mutaxassislari uchun o‘tkazilgan seminarlar va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, xalqaro darajadagi musobaqalarning ortishi natijasida malakali shaxmat arbitrlari ortishiga, ularning tajribasi yuksalishiga xizmat qildiki, bu, o‘sish ko‘rsatkichi 156,4 foizni tashkil etishiga ta’sir ko‘rsatdi.

Joriy yilning 15-27-sentabr kunlari Samarqandda o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va para shaxmat olimpiadasining tashkil etilishi esa xalqaro toifaga ega o‘zbekistonlik shaxmat hakamlari sonining yanada ortishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan ahamiyatlidir.
Eslatib o‘tamiz, bugungacha Samarqand olimpiadasida ishtirok etadigan bir qator mamlakatlarning terma jamoa a’zolari, Xalqaro shaxmat federatsiyasi vakillari yurtimizga yetib kelishdi.
Ayni kunlarda Toshkent va Samarqand aeroportlarida Sport vazirligi, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi, Samarqand shahar hokimligi mutaxassislaridan tashkil topgan ishchi guruh a’zolari 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ishtirokchilarini belgilangan dastur asosida kutib olmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA