O‘zbekiston va Xitoy: xavfsizlik sohasida hamkorlik mustahkamlanadi
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Xitoyga amaliy tashrif doirasida jamoat xavfsizligini ta’minlash, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotiga tatbiq etish hamda kadrlar tayyorlash sohasida Xitoyning ilg‘or tajribasini o‘rganish maqsadida qator uchrashuv va amaliy tadbirlarda ishtirok etdi.
Ikki mamlakat o‘rtasida xavfsizlik sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan samarali muloqot va tajriba almashinuvi amalga oshirildi.
Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov Xitoy Xalq Respublikasi jamoat xavfsizligi vaziri Van Syaoxun janoblari bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida Ichki ishlar vazirligi va Jamoat xavfsizligi vazirligi o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash, transmilliy hamda axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, o‘zaro tajriba almashish hamda kadrlar tayyorlash kabi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga oid masalalar muhokama qilindi.

Tashrif dasturiga binoan mamlakatimiz delegatsiyasi Xitoy Jamoat xavfsizligi vazirligining Birinchi tadqiqot institutida bo‘lib, u yerda xavfsizlik sohasida tatbiq etilayotgan ilmiy-amaliy ishlanmalar, raqamli texnologiyalar va axborot bazalarini boshqarish tizimlari bilan batafsil tanishdi.
Institut mutaxassislari tomonidan O‘zbekiston delegatsiyasiga qo‘llanilayotgan innovatsion dasturiy ta’minot, intellektual videoanaliz, qidiruv va tezkor-qidiruv faoliyatiga oid ishlanmalar kabi yo‘nalishlardagi yutuqlar haqida taqdimot o‘tkazildi.
XXR JXV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasiga tashrif ham muhim nuqtalardan biri bo‘ldi. Boshqarma rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda global darajada o‘sib borayotgan kiberhujumlar, elektron firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi va raqamli iqtisodiyotni muhofaza qilish masalalari muhokama qilindi.
Xitoy tomoni o‘zlarining kiber tahdidlarni erta aniqlash platformalari, elektron to‘lovlar sohasidagi firibgarlikka qarshi texnologiyalar, internet monitoringi hamda tahdidlar xatarini baholash tizimi kabi ilg‘or yechimlarini namoyish etdi. O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari mazkur amaliyotlarni mamlakatimiz kiberxavfsizlik tizimini takomillashtirishda qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qildi.
Tadbir davomida delegatsiya Pekin shahar Jamoat xavfsizligi byurosining Huquqni muhofaza qilish va tergov ishlari markazida bo‘lib, u yerda jinoyat hodisalarini raqamli modellashtirish, kriminalistik ekspertizalarning yangi turlari, hujjatlar va audio-video dalillarni avtomatlashtirilgan tarzda tahlil qilish kabi zamonaviy texnologiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Bundan tashqari, XXR Jamoat xavfsizligi universitetiga tashrif amalga oshirilib, kadrlar tayyorlashning zamonaviy modellari, o‘quv kurslari, amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish tajribasi o‘rganildi.
Guandun provinsiyasi Jamoat xavfsizligi departamentida delegatsiyaga hududiy xavfsizlikni ta’minlash, jamoat tartibiga bo‘lgan tahdidlarni monitoring qilish, yo‘l harakati xavfsizligini yaxshilash va tezkor markazlarni boshqarish tizimlari haqida axborot berildi.
Shenchjen shahrida esa delegatsiya zamonaviy texnik yo‘nalishlarning qator muhim ob’ektlarini ko‘zdan kechirdi.
Delegatsiya 15-Butun Xitoy sport o‘yinlarining yopilish marosimida ishtirok etib, ommaviy tadbirlarda xavfsizlikni ta’minlashning yirik masshtabli modeli bilan tanishdi.
Tashrifning yakuniy qismida “Huawei” kompaniyasining “Songshan Lake” ilmiy-texnologik kampusida intellektual nazorat va monitoring platformalari, axborot xavfsizligi yechimlari, politsiya tizimi uchun raqamli boshqaruv platformalari, jamoat xavfsizligi sohasidagi sun’iy intellekt texnologiyalarining imkoniyatlari namoyish etildi.
Mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasida xavfsizlik sohasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, amaliy tajriba va ilg‘or texnologiyalarni mamlakatimizda joriy etishda muhim amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi.
N.Abduraimova, O‘zA