O‘zbekiston va Xitoy qurilish sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Shu kunlarda Xitoy Xalq Respublikasining Chunsin shahrida O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Davronjon Adilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi xizmat safarida bo‘lib turibdi. Safar doirasida qurilish, shaharsozlik va infratuzilma sohasida ilg‘or tajribalar o‘rganilmoqda.
Delegatsiya a’zolari dastlab Chunsin shahar hokimligi rahbariyati bilan uchrashib, shaharning iqtisodiy salohiyati, infratuzilma rivojlanishi hamda zamonaviy shaharsozlik loyihalari bilan tanishdi. Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shundan so‘ng delegatsiya TYLin Group sanoat parki faoliyatini o‘rgandi. Mazkur kompaniya Amerika, Osiyo va Yevropa hududlarida yirik va murakkab infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha katta tajribaga ega xalqaro muhandislik tashkilotlaridan biri hisoblanadi.
Safar doirasida delegatsiya Chunsin ilmiy-tadqiqot geodeziya va kartografiya universiteti hamda Yanxuan innovatsion parki faoliyati bilan ham tanishdi. Shuningdek, Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, qurilish sohasida ilg‘or tajribalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar jarayonida BIM texnologiyalarini keng qo‘llash, qurilish sohasini raqamlashtirish, noqonuniy qurilishlarning oldini olish, ruxsat beruvchi hujjatlarni berish tartibini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, delegatsiya China Coal Industry Engineering Chongqing Design Research Institute (Group) Co., Ltd. bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. 1953-yilda tashkil etilgan mazkur institut bugungi kunda Xitoydagi yirik kompleks muhandislik va loyihalash tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Tashkilot tarkibida bir nechta sho‘’ba korxonalar va markazlar faoliyat yuritib, 1800 nafardan ortiq mutaxassisni birlashtiradi. Kompaniya arxitektura, kommunal xo‘jalik, energetika va ekologik yo‘nalishlarda 50 dan ortiq litsenziyalarga ega.

Uchrashuvda qurilish sohasini raqamlashtirish, “yashil” energetika, ekologik barqarorlik hamda muhandislik xizmatlarini kompleks tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Xususan, Chunsin shahrida barpo etilgan zamonaviy shifoxona qurilishi misolida BIM texnologiyalari asosida amalga oshirilgan ilg‘or yechimlar taqdim etildi.

Loyihada uch o‘lchamli modellashtirish, muhandislik tarmoqlarini muvofiqlashtirish, ehtimoliy texnik muammolarni oldindan bartaraf etish hamda “aqlli” boshqaruv tizimlari joriy etilgani qayd etildi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda sohadagi samaradorlikni oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA