O‘zbekiston va Xitoy ishbilarmonlari uchrashdi
Toshkentda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan O‘zbekiston va Xitoy ishbilarmon doira vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda Ninbo shahrining Syanshan tumani ma’muriyati delegatsiyasi va turli sohalarga ixtisoslashgan Xitoy kompaniyalari, mamlakatimizdan esa manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga tayyor 80 dan ziyod tadbirkorlik sub’ekti vakillari qatnashdi.
O‘zaro tovar ayirboshlashni faollashtirish, O‘zbekistondan Xitoyga mahsulot eksporti miqdorini oshirish, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi texnologik sheriklikni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan anjuman ishtirokchilari tomonlar faoliyati bilan to‘liq tanishish, ishbilarmonlik aloqasini mustahkamlash istiqbolini muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
[gallery-11280]
Xitoy tomoni Syanshan tumanining iqtisodiy salohiyatini namoyish etuvchi, mamlakatimiz korxonalari bilan qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, shuningdek, oziq-ovqat, to‘qimachilik, elektrotexnika, plastik va kimyo sanoati korxonalari bilan savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan taqdimotlar o‘tkazdi.
Ta’kidlash joiz, Xitoyning eng ilg‘or 100 tumanidan biri – Syanshan tumanida turli mahsulotlarni qayta ishlash va ishlab chiqarish imkoniga ega ko‘plab yirik korxonalar mavjud.
So‘nggi yillarda Xitoy O‘zbekistonning yetakchi tashqi savdo sherigiga aylandi. 2022 yil yakuniga ko‘ra, tovar ayirboshlash o‘tgan yilga nisbatan 1.2 barobar ko‘payib, 8.9 milliard dollarga yetdi.
Tadbir yakunida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “B2B” shaklidagi muzokaralar kichik va xususiy tadbirkorlik sohasida hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilib, kelgusida o‘zaro manfaatli savdo bitimlari va shartnomalari tuzish bo‘yicha kelishuvga erishish imkonini yaratdi.
Go‘zal Sattorova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA