O‘zbekiston va Xitoy cho‘llanishga qarshi birgalikda kurashadi
Ekologik muammolar global tahdid. Unga qarshi kurashda xalqaro hamkorlik qanchalik muhim? O‘zbekiston va Xitoy mutaxassislari kelajak avlodlar farovonligi uchun muhim qadamlarni muhokama qildi.
O‘rmon Agentligi hamda Xitoyning Ningxua o‘rmon xo‘jaligi va yaylovlar boshqarmasi vakillari ishtirokidagi seminarda mintaqada cho‘llanishga qarshi kurash va yashil rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. Tadbirda O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov hamda Ningxua o‘rmon xo‘jaligi va yaylovlar boshqarmasi rahbari Vu Siyaru ishtirok etdi. Seminarda so‘z olgan Erkin Muhiddinov cho‘llanishga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, tuproq eroziyasining oldini olish va yashil rivojlanishni joriy etishda xalqaro hamkorlikning o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidladi.

E.Muhiddinovning so‘zlariga ko‘ra, atrof-muhitni asrash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muammolarga befarq bo‘lmaslik – nafaqat bugungi kun, balki ertangi kun insoniyat farovonligining garovidir. "Shuning uchun har bir qarorimiz va har bir amaliy qadamimiz kelajak avlod manfaatiga xizmat qilishi lozim", – dedi u. Muloqotlar chog‘ida cho‘l va qurg‘oqchil hududlarda o‘rmon xo‘jaligini yuritish, yerlarni tiklash va ulardan barqaror foydalanish bo‘yicha hamkorlik istiqbollariga e’tibor qaratildi. Tadbir yakunida tomonlar tuproq sho‘rlanishining oldini olish va ekotizimlarni bosqichma-bosqich mustahkamlash bo‘yicha kelgusidagi maqsad va vazifalarni belgilab oldilar.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA