O‘zbekiston va Ummon hamkorligi yangi bosqichda: Maskatda muhim kelishuvlarga erishildi
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratovning 30-sentabr – 2-oktabr kunlari Maskat shahriga amalga oshirgan amaliy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi.
Tashrif doirasida Ummon davlat tuzilmalari va yetakchi kompaniya rahbarlari bilan bir qator sermahsul muzokaralar o‘tkazildi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Iqtisodiyot vaziri Xamis bin Saif Al-Jabriy hamda Savdo, sanoat va investitsiyalarni rag‘batlantirish vaziri Anvar bin Hilol Al-Jabriy bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muloqot chog‘ida tomonlar o‘zaro savdo hajmini oshirish va diversifikatsiya qilish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish hamda transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirish va tranzit imkoniyatlarini kengaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlarni atroflicha muhokama qildilar.
Ummon ishbilarmon doiralari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar amaliy xarakterga ega bo‘lib, logistika, energetika, neft-gaz kimyosi, elektrotexnika, tog‘-kon sanoati, bank sektori va turizm kabi qator muhim tarmoqlarni qamrab oldi.

Xususan, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va logistika markazlarini barpo etish, energiya saqlash tizimlari hamda zamonaviy ma’lumotlar markazlarini (Data center) tashkil etish, shuningdek, xomashyoni chuqur qayta ishlash hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish zanjirlarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama munosabatlarni huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamlar tashlandi. Xususan, preferensial savdo hamda investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitimlarni tayyorlash, shuningdek, yangi transport yo‘laklari va qo‘shma loyihalar bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, yaqin istiqbolda O‘zbekistonda qo‘shma biznes-forum va mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma o‘tkazish, Ummonning yirik biznes vakillari bilan bevosita muloqotlarni davom ettirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Ummon o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy sheriklikni yanada kengaytirish hamda uzoq muddatli, o‘zaro manfaatli loyihalarni hayotga tatbiq etishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Hamroz Bayonov,O‘zA