O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzishi to‘g‘risida bitim imzolandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Serdar Berdimuhamedovni Turkmaniston mustaqilligining 35 yilligi hamda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi samarali raisligi bilan tabrikladi.


O‘zbekiston – Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


Savdo-iqtisodiy hamkorlikning ijobiy sur’ati mamnuniyat bilan qayd etildi. Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda, “Shovot – Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.


O‘zaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi hamda sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi kabi sohalarda Kooperatsiya dasturini qabul qilish va uni ikki mamlakat hududlari darajasida ham amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.



Uchrashuv yakunida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Mazkur hujjat siyosiy muloqotni yanada chuqurlashtirish hamda ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam institutsional asos yaratadi.