O‘zbekiston va “Traxys” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi
Muhim mineral resurslarni o‘zlashtirish, ularni chuqur qayta ishlash va sohaga investitsiyalar jalb etish O‘zbekiston tog‘-kon sanoatini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Bu borada xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“C5+1” biznes-forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov Amerikaning "Traxys" kompaniyasi bosh ijrochi direktori Mark Kristoff bilan uchrashdi.

Muloqotda muhim mineral resurslar sohasidagi hamkorlikning joriy holati va uni yanada rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Xususan, geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, mineral xomashyoni qazib olish va chuqur qayta ishlash, investitsiyalarni jalb etish, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Uchrashuv "Traxys" kompaniyasi bilan avval o‘tkazilgan muzokaralarning davomi bo‘ldi. Avvalgi muloqotlarda tog‘-kon va geologiya sohasini transformatsiya qilish, investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish va istiqbolli loyihalar bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqilgan edi.

Tomonlar tarmoq korxonalari bilan hamkorlikni kengaytirish va barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish uchun imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. O‘zbekiston tomoni qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishda zarur ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. "Traxys" rahbariyati esa mamlakatdagi istiqbolli loyihalarda ishtirok etish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirdi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi va "Traxys" kompaniyasi o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan bitim imzolangan.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA