O‘zbekiston va Tojikiston: ta’lim va ilm-fanda hamkorlik
Asrlar davomida bir hududda yashab, o‘zaro madaniyat va ilm-fanni boyitib kelgan ikki xalq – O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari bugungi kunda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlari – Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon o‘rtasidagi samarali muloqotlar natijasida o‘zaro munosabatlar sifat jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tarildi.
Oliy ta’lim sohasida ham hamkorlik yangi mazmun bilan boyib bormoqda. 2025-yilga kelib universitetlar o‘rtasida 20 dan ortiq hamkorlik memorandumlari imzolanib, akademik almashinuv, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, shuningdek, 2+2 va 1+1 kabi qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur jarayonlar Markaziy Osiyoda o‘zaro hamkorlik va integratsiyani yanada jadallashtirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, ilm-fan va ta’lim sohasidagi aloqalar ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Universitetlar o‘rtasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, akademik almashinuv dasturlari va xalqaro konferensiyalar muntazam tashkil etilmoqda. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalar, magistratura va doktorantura dasturlarini amalga oshirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham samarali ishlar olib borilmoqda. Zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish, raqamli platformalarni rivojlantirish va ilmiy natijalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish sohalarida ham tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.

Bu borada Buxoro davlat texnika universiteti ham faol ishtirok etmoqda. Universitet rektori Sadoqat Siddiqova ta’kidlaganidek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish oliy o‘quv yurtining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Universitet delegatsiyalarining Tojikistonga xizmat safarlari doirasida qator nufuzli ta’lim muassasalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan. Jumladan, Akademik M.S. Osimiy nomidagi Tojikiston texnika universiteti, Tojikiston texnologiyalar universiteti hamda Ko‘lob texnologiyalar va innovatsion menejment instituti bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.


Mazkur kelishuvlar doirasida o‘quv jarayonini takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, metodik tajriba almashish, malakali mutaxassislar tayyorlash, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, xalqaro konferensiya va seminarlar tashkil etish bo‘yicha muhim qadamlar tashlandi. Shuningdek, 2+2 va 1+1 qo‘shma ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistratura yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash ham yo‘lga qo‘yilmoqda.

Muxtasar aytganda, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan sohasidagi qo‘shma loyihalar, akademik almashinuv va ilmiy izlanishlar ikki davlat yoshlarining bilim va salohiyatini oshirishga, mintaqada ilm-fan taraqqiyotiga keng imkoniyatlar yaratishga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri