O‘zbekiston va Serbiya: tog‘-kon sohasida sanoat kooperatsiyasi rivojlantiriladi
Bu haqda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi axborot xizmati xabar berdi. Qayd etilganidek, Serbiyaning Belgrad shahrida O‘zbekiston-Serbiya Hukumatlararo komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova ishtirok etdi.
Yig‘ilish doirasida vazirlik vakillari Serbiya Tog‘-kon sanoati va energetika vazirligi davlat kotibi, shuningdek, tog‘-kon, metallurgiya va energetika tarmoqlari uchun uskunalar hamda mashinalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan GOSA FOM kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.

Muloqot davomida ikki mamlakat o‘rtasida tog‘-kon sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, maxsus texnikalar ishlab chiqarishni kengaytirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va o‘zaro sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish konchilik tarmog‘ining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda sohada yangi imkoniyatlarni yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, tog‘-kon, metallurgiya va energetika tarmoqlari uchun uskunalar hamda maxsus mashinalar ishlab chiqarish sohasida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA