O‘zbekiston va Qozog‘iston: strategik sheriklik va innovatsion taraqqiyotning yangi bosqichi
Mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqin va ishonchli hamkorlikni mustahkamlash. Bu borada O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida izchil rivojlanib bormoqda. Buxoro shahrida o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlar ushbu hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov shu haqdagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muloqot nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni, balki butun mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika, energetika va innovatsiya sohalaridagi hamkorlik masalalari keng qamrovda muhokama qilindi.

Jumladan, so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmining barqaror o‘sib, 5 milliard dollarga yetgani hamkorlikning amaliy natijasi ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, yaqin istiqbolda ushbu ko‘rsatkichni 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangani iqtisodiy aloqalarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda avtomobil sanoati, elektronika, qurilish materiallari, kimyo va geologiya sohalarida amalga oshirilayotgan kooperatsiya loyihalari iqtisodiy integratsiyaning yangi bosqichga ko‘tarilayotganini anglatadi. Ayniqsa, transport va logistika sohasidagi hamkorlik, chegaraoldi infratuzilmani modernizatsiya qilish va yangi transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha kelishuvlar tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim omil bo‘ladi.
Shu bilan birga, raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikka bo‘lgan intilish alohida ahamiyatga ega. Buxoroda o‘tkazilgan “National AI Hackathon” tadbiri yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qildi. Bu esa kelgusida ikki davlat o‘rtasida startaplar va yuqori texnologiyalar sohasida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini yanada kengaytiradi.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik ham O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlarning eng muhim va mustahkam tayanchlaridan biri hisoblanadi. Chunki, ikki xalqni nafaqat bugungi manfaatlar, balki asrlar davomida shakllangan mushtarak tarix, umumiy ma’naviy qadriyatlar, diniy yaqinlik, urf-odat va an’analar o‘zaro bog‘lab turadi. Shu ma’noda, Buxorodagi tarixiy obidalarga amalga oshirilgan tashriflar xalqlarimiz o‘rtasidagi chuqur ma’naviy yaqinlik va qardoshlik rishtalarining amaliy ifodasi bo‘ldi.
Ayniqsa, Qozog‘iston Prezidentining O‘zbekiston Prezidenti bilan birgalikda Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilishi ramziy va ma’naviy jihatdan alohida ahamiyat kasb etdi. Chunki, Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalar merosi nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun islom olami, jumladan, qardosh qozoq xalqi uchun ham birdek qadrli hisoblanadi. Bu esa xalqlarimizning ma’naviy manbalari bir, qadriyatlari mushtarak ekanini yana bir bor namoyon etadi.
Bu tarzda tarixiy meros ob’ektlariga ehtirom bildirish, ularni birgalikda ziyorat qilish va umumiy madaniy boylik sifatida qadrlash kelajakda ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik uchun ham mustahkam asos yaratadi. Bu esa ta’lim, ilm-fan, madaniyat, turizm va yoshlar almashinuvi sohalaridagi munosabatlarni yanada faollashtirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bunday tashriflar xalq diplomatiyasini mustahkamlaydi, yosh avlod qalbida o‘zaro hurmat, qo‘shnichilik va qardoshlik tuyg‘ularini kuchaytiradi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari nafaqat ikki davlat manfaatlariga, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi. Bu hamkorlik o‘zaro ishonch, ochiq muloqot va aniq amaliy natijalarga asoslangani bilan ahamiyatlidir.
Bugungi kunda global o‘zgarishlar sharoitida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, yangi iqtisodiy va texnologik imkoniyatlardan samarali foydalanish har qachongidan ham muhim.
Shu ma’noda, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlar nafaqat bugungi kun, balki kelajak taraqqiyoti uchun ham mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA