O‘zbekiston va Qozog‘iston ijtimoiy himoya sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Mamlakatimizda keksalar, pensionerlar, nogironlar va imkoniyati cheklangan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordamni tashkil etish tizimi yaratilgan, aholining ehtiyojmand qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov Qozog‘istonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yerali Tug‘janov bilan uchrashdi. Muloqotda ikki mamlakatning ijtimoiy himoya sohasidagi hamkorligini rivojlantirish, tajriba almashish va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonda oilaga yo‘naltirilgan ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirish, insonni oilasi va jamiyatdan ajratmagan holda qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mahallaning ijtimoiy himoyadagi o‘rni haqida ma’lumot berildi.
Tomonlar nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajriba almashish, ekspertlar uchrashuvlari va o‘zaro tashriflarni yo‘lga qo‘yish masalalarini ham muhokama qildi. Uchrashuv yakunida ikki mamlakatning ijtimoiy himoya sohasidagi hamkorligini yanada kuchaytirish va uni tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA