O‘zbekiston va Pokiston: xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiladigan hamkorlik yangi mazmun bilan boyitiladi
Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Pokiston Islom Respublikasining yangi tayinlangan O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Mudassir Tipu bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlanib, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda amaliy hamkorlik kengayib borayotgani ta’kidlandi.

Parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatini yanada jonlantirish, hududlararo aloqalarni kengaytirish hamda xalqaro parlament tashkilotlari doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat xalqlari manfaatlarida parlamentlararo hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA