O‘zbekiston va Ozarbayjon: Ishonch, do‘stlik va mushtarak tarixga asoslangan ittifoqchilik
Davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni siyosiy hujjatlar va xalqaro shartnomalar bilan o‘lchash mumkin. Binobarin, xalqlar o‘rtasidagi haqiqiy do‘stlikni faqat diplomatik hujjat bilan ifodalab bo‘lmaydi. Ozarbayjon va O‘zbekiston hamkorligining asosiy kuchi ham shunda.
Xalqlarimizni asrlar davomida shakllangan umumiy tarix, turkiy ildiz, til yaqinligi, madaniyat, adabiyot, ma’naviy qadriyatlar va insonlar o‘rtasidagi samimiy munosabat birlashtirib kelgan. Bugungi davlatlararo ittifoqchilik ayni tarixiy poydevorga tayanadi.
Ozarbayjon va O‘zbekistonning madaniy-gumanitar sherikligi so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Madaniyat kunlari, san’at festivallari, ilmiy konferensiya, adabiy tadbir, ta’lim dasturi va yoshlar loyihalari ikki xalq ma’naviy aloqalarini yanada mustahkamlamoqda.
Shusha va Xiva, Boku va Toshkent, Buxoro va Lenkoran kabi tarixiy shaharlarimiz o‘rtasidagi aloqalari ma’naviy yaqinlikning yorqin ifodasidir. Umumiy adabiy merosimiz ham ulkan boylik. Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviy kabi buyuk mutafakkirlar asarlari xalqlarimiz ma’naviy hayotida alohida o‘rin tutadi. O‘zbekistonda Nizomiy Ganjaviy nomidagi ta’lim muassasasi mavjudligi ham o‘zaro yuksak hurmat ifodasidir.
Ta’lim sohasidagi hamkorlik kelajak uchun muhim ahamiyatga ega. Yosh avlodlar bir-birining tarixi va madaniyatini nechog‘li yaxshi bilsa, ikki xalq do‘stligi shuncha mustahkam bo‘ladi.
Masalan, Fuzuliy shahrida O‘zbekiston tashabbusi bilan Mirzo Ulug‘bek nomli umumta’lim maktabi barpo etilishi alohida tarixiy ahamiyat kasb etadi. Bu inshoot nafaqat ta’lim maskani, balki qardosh yurtga nisbatan birodarlik munosabati ramziga aylandi.
O‘zbek xalqi va shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjondagi ozod etilgan hududlarni tiklash jarayoniga qaratayotgan e’tibori va amaliy yordami ikki el xotirasida abadiy saqlanishiga shubha yo‘q. Ayniqsa biz, O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan ozarbayjonlar uchun bunday munosabat alohida qadrli.
Milliy-madaniy markazlar faoliyati turli millat vakillari o‘z madaniyati va an’analarini asrab-avaylashi barobarida umumiy Vatan – O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shish imkonini ham yaratadi. Respublika Ozarbayjon Milliy-madaniy markazi faoliyati ayni tamoyil asosiga qurilgan. Biz jamiyatda ozar xalqi boy madaniy merosini yanada keng tanitish, o‘zaro do‘stlikni mustahkamlash va ikki davlat o‘rtasidagi xalq diplomatiyasini rivojlantirishga hissa qo‘shishni muhim vazifamiz, deb bilamiz. Zero, haqiqiy diplomatiya insonlar o‘rtasidagi munosabatdan boshlanadi.
O‘zbekistonlik sayyoh Ozarbayjonda qardosh yurt taftini his qiladi, ozar mehmon Toshkent, Samarqand, Buxoro yoki Xivada o‘zini yaqin insonlar orasida sezadi. Bu xalq diplomatiyasi natijasidir. Ayni jarayonda yoshlarga alohida e’tibor berish zarur. Kelajakda Ozarbayjon va O‘zbekiston munosabatlarini yanada mustahkamlaydigan avlod bugundan bir-birining tili, tarixi, madaniyati va qadriyatini bilishi kerak. Xususan, yoshlar almashinuvi, madaniy tadbirlar, ta’lim dasturlari, sport musobaqalari va qo‘shma media loyihalar ko‘lamini kengaytirish juda muhim.
Bugun oldimizda ulkan tarixiy imkoniyat turibdi: nafaqat davlatlararo ittifoqchilik, balki xalqlarimiz o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prikni ham yanada mustahkamlash lozim.
Prezident Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga navbatdagi davlat tashrifi shu jarayonga yangi mazmun bag‘ishlaydi. Bu voqea ikki qardosh davlat munosabatini yanada rivojlantirish uchun g‘oyat muhim. Biz, O‘zbekistondagi Ozarbayjon diasporasi, ushbu tashrifni samimiy quvonch bilan qarshi oldik.
Ishonamizki, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabati kelgusi avlodlar uchun abadiy meros bo‘lib qoladi.
Mobil Mamedov,
Respublika Ozarbayjon Milliy-madaniy
markazi boshqaruvi raisi