O‘zbekiston va Kolumbiya uchrashuvini Entoni Teylor boshqaradi
AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tayotgan futbol bo‘yicha XXIII Jahon chempionatida guruh bosqichining birinchi tur uchrashuvlari davom etmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor mundial final bosqichida ishtirok etmoqda. Fabio Kannavaro qo‘l ostidagi jamoamiz “K” guruhida Portugaliya, Kolumbiya va Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoalari bilan raqobatlashadi.
Terma jamoamiz mundialdagi debyut uchrashuvini 18-iyun kuni Meksika poytaxti Mexiko shahridagi “Asteka” stadionida Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi. Bahs Toshkent vaqti bilan soat 07:00 da boshlanadi.
FIFA qaroriga ko‘ra, mazkur uchrashuvni angliyalik taniqli hakam Entoni Teylor boshqarib boradi. Unga qanotlarda hamyurtlari Gari Besvik va Adam Nann yordam beradi. To‘rtinchi hakam sifatida Kosta-rikalik Xuan Kalderon, zaxira yordamchi hakam sifatida esa uning hamyurti Xuan Karlos Mora faoliyat olib boradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA